Jahon | 19:55 / 23.11.2025
8839
5 daqiqa o‘qiladi

Trampning tinchlik rejasida Ukraina foydasiga ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin

The Washington Post kolumnisti bilan suhbatda bo‘lgan amerikalik rasmiylar fikricha, Trampning rejasi Kiyev uchun «direktiva» emas, Oq uydagilar «Ukrainaning halokatini ko‘rishni istamaydi».

Ukraina prezidenti ma’muriyati / AFP / Scanpix / LETA

Ukraina bo‘yicha yangi tinchlik rejasi paydo bo‘lishi bilan Volodimir Zelenskiy prezidentlik davridagi «eng og‘riqli tanlov»ga duch keldi, deb yozadi The Washington Post kolumnisti Devid Ignatius. Jurnalist Oq uyning tinchlik rejasidagi ayrim bandlar bo‘yicha pozitsiyasini izohlagan amerikalik rasmiylar bilan suhbatda bo‘lgan. Ignatius bu bandlar qanday yuzaga kelgani va ushbu hujjatni ishlab chiqish qachon boshlanganini hikoya qilgan.

Ignatiusning yozishicha, yangi tinchlik taklifi bo‘yicha muzokaralar jarayoni deyarli bir oy oldin boshlangan va oldingi hafta oxirida Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Rustem Umerov Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan Floridada uchrashishga tayyorligini bildirganida jarayon tezlashib ketgan. Ignatiusning manbalariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Kiyevdagi korrupsiya mojarosi hamda Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi muvaffaqiyatsizliklari Ukrainani burilish nuqtasiga olib keldi, Rossiya esa o‘sib borayotgan iqtisodiy bosimni his qilib, bu urushni tugatishni afzal ko‘rishi mumkin deb hisoblashi  muhokamalarni boshlashga sabab bo‘lgan.

Amerikalik rasmiylarga ko‘ra, Floridadagi uchrashuvda Umerov Zelenskiy Donbass bo‘yicha murosa qilishi, shuningdek, Ukraina o‘z armiyasi sonini 600 ming kishigacha cheklashga rozi bo‘lishi mumkinligini bildirgan (Umerovning o‘zi esa Floridadagi vazifasi faqat texnik bo‘lgani, u uchrashuvlarni tashkil etish va muloqotni tayyorlash bilan shug‘ullanganini aytdi).

Natijada, rejadagi bandlardan biriga chindan ham Ukraina qurolli kuchlaridagi harbiylar soni bo‘yicha cheklov kiritilgan. Yevropa davlatlari rahbarlari bunga qo‘shilmagan. Ignatiusning manbalari tinchlik rejasi bo‘yicha muzokaralar «Kiyev uchun direktiva emasligi», u moslashuvchan bo‘lishini ta’kidlamoqda.

«Ukraina suvereniteti hech qachon xavf ostida qolmasligi kerak. Bu butun Yevropa bo‘ylab muammolar uchun shlyuzlarni ochadi. Biz Ukrainaning halokatini ko‘rishni istamaymiz», – deydi amerikalik yuqori martabali mulozimlardan biri The Washington Post kolumnisti bilan suhbatda.

Ignatiusning suhbatdoshlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Ukraina uchun «xavfsizlik kafolatlari» hali «yetarlicha kuchli emasligi»ni tan oladi va AQSh prezidenti Ukraina qurolli kuchlari tarkibi miqdori bo‘yicha yuqori chegarani oshirishi yoki cheklov talabini umuman olib tashlashi mumkin. Bundan tashqari, urushdan keyin Ukrainaga uzoq masofali «Tomahavk» raketalarini yetkazib berish tiyib turuvchi omil bo‘lishi varianti ko‘rib chiqilmoqda (buning muqobili hisoblangan Yevropa kontingentiga Rossiya qat’iyan qarshi). Ignatiusning manbalari Ukraina «Tomahavk»ni Rossiyaga qarshi qo‘llamasligiga ishonchi komil, chunki bunday harakat Kiyevuni AQSh va Yevropaning qo‘llovidan mahrum qiladi.

Bundan tashqari, Ignatiusning yozishicha, Tramp ma’muriyati Ukraina bilan razvedka ma’lumotlarini almashishda davom etishga tayyor. Avvalroq Reuters agar Ukraina Tramp ma’muriyatining tinchlik rejasini qabul qilmaydigan bo‘lsa, AQShning razvedka ma’lumotlaridan mahrum bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi, biroq keyinroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio senatorlar bilan suhbatda bunday tahdidlardan xabari yo‘qligini aytdi.

The Washington Post kolumnisti manbalari kelishuv imzolanganidan 100 kun o‘tib Ukrainada saylovlar o‘tkazilishi haqidagi band bo‘yicha ham tushuntirish bergan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, u «Ukrainadagi siyosiy beqarorlikni hisobga olgan holda» kiritilgan: saylovlar tinchlik rejasini «ommaviy ratifikatsiya shakli» bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Urushdan keyingi amnistiya bandi Ukraina tomoni iltimosiga ko‘ra, agar korrupsiya mojarosi avj oladigan bo‘lsa, Zelenskiy va uning hukumati javobgarlikka tortilmasligini kafolatlash uchun kiritilgan.

Ignatiusning qayd etishicha, Tramp ma’muriyati vakillari yevropaliklar, ukrainaliklar va amerikaliklarni Trampning tinchlik taklifi «ko‘ringanidek Rossiyaga xayrixoh emasligiga ishontirish» uchun jurnalist bilan gaplashgan. Eng yaxshi hakam Zelenskiyning o‘zi bo‘ladi, deb ta’kidlaydi jurnalist o‘z kolonkasida: agar u kelishuvni qo‘llab-quvvatlasa, keyingi mas’uliyat Moskvaga o‘tadi, agar rad etadigan bo‘lsa – urush keyingi yilda ham davom etishi mumkin.

Mavzuga oid