Jahon | 10:21 / 24.11.2025
11267
5 daqiqa o‘qiladi

Bishkekda Atambayevning o‘g‘li va sobiq deputatlar ushlandi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning o‘g‘li Qodirbek Atambayev, shuningdek bir qator siyosatchilar ommaviy tartibsizliklarni tashkil etishda gumonlanib qo‘lga olindi, deb xabar berdi mamlakat Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Qodirbek Atambayev Foto: knews.kg

Qirg‘izistonda bir necha mahalliy siyosiy arboblar va sobiq prezident Almazbek Atambayevning o‘g‘li Qodirbek Atambayev qo‘lga olindi. «Qo‘lga olinganlar: Qodirbek Atambayev, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Davlat qo‘riqlash xizmati sobiq boshlig‘i Damir Musakeyev, sotsial-demokratlar siyosiy partiyasi rahbari Temirlan Sultanbekov, Qirg‘iziston parlamentining sobiq deputatlari Shaylobek Atazov va Qubanichbek Qodirov», — deyiladi yakshanba, 23 noyabr kuni e’lon qilingan Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bayonotida.

IIV bayonotiga ko‘ra, qo‘lga olingan bu besh kishi «respublika parlamenti saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin, go‘yo ommaviy norozilik mavjudligini ko‘rsatish maqsadida mitinglar silsilasini boshlashni rejalashtirgan». Xususan, vazirlik versiyasiga ko‘ra, ular «konstitutsiyaga zid talablar» qo‘yishni hamda «ma’muriy binolarni, telekanallarni, kuch ishlatar tuzilmalar obektlarini, qurol-yarog‘ va jazoni ijro etish muassasalarini egallashga urinishlar» haqida rejalar tuzgan. Bu harakatlarning kuch jihatidan qo‘llab-quvvatlanishini «kriminal elementlar» ta’minlashi kerak edi, deya ta’kidlaydi IIV.

«Qidiruv choralari davomida qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, granatalar, aloqa vositalari, moliyalashtirishga oid hujjatlar, harakat rejalari, narkotik moddalar, shuningdek 150 ming dollar miqdorida pul mablag‘lari musodara qilindi», — deya ma’lum qildi vazirlik matbuot xizmati Bishkekdagi bayonotida. Qo‘lga olinganlarga mamlakat Jinoyat kodeksining «Ommaviy tartibsizliklar tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish» moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Qirg‘iziston parlamentiga navbatdan tashqari saylovlar 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ular dastlab 2026 yil noyabriga rejalashtirilgan edi, biroq 25 sentabr kuni deputatlar ixtiyoriy ravishda o‘z vakolatlarini topshirdi.

Qo‘lga olinishlardan bir nechta soat o‘tgach, Bishkekning Birinchi may tuman sudi tergov organining iltimosnomasini qanoatlantirib, Temirlan Sultanbekovni 17 yanvargacha qamoqda qoldirish to‘g‘risida qaror chiqardi. U bilan birga, avvalroq qo‘lga olingan Ermek Ermatov va Urmat Askarbekov ham tergov izolyatoriga jo‘natiladi, deb xabar bermoqda 24.KG nashri.

Qayd etilishicha, shu sudga qo‘lga olingan boshqalar — Qodirbek Atambayev, Damir Musakeyev, Shaylobek Atazov va Qubanichbek Qodirov ham olib kelingan. Tergov ularga nisbatan ham qamoq ehtiyot chorasi qo‘llashni so‘ramoqda, deb yozadi mahalliy OAV.

22 noyabr kuni sobiq prezident Atambayevning rafiqasi va o‘g‘li Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. Xuddi shu kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar mamlakatda ommaviy tartibsizliklar ishi doirasida tintuvlar o‘tkazgan. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha Davlat xizmati sobiq rahbari Siymiq Japikeyev ham ushlangan.

Tintuvlar parlamentning sobiq deputatlari Qubanichbek Qodirov va Shaylobek Atazov uylarida ham o‘tkazilgan. Mamlakatning sobiq rahbari qizi Aliya Shagiyeva sodir bo‘layotgan voqealarni «siyosiy ta’qib, inson huquqlarini buzish, so‘z erkinligini cheklash» deb ta’rifladi.

Sentyabr o‘rtalarida Bishkekdagi sud «Kloop» mustaqil axborot portalining ikki sobiq xodimini ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish to‘g‘risidagi modda bo‘yicha aybdor deb topib, 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qildi. Bundan tashqari, ikki buxgalterga 3 yildan probatsiya (ya’ni qamoq jazosi o‘rniga nazorat ostida bo‘lish — tahr.) tayinlandi.

Ayblov tomoni versiyasiga ko‘ra, sudlanuvchilar surishtiruvlar bilan shug‘ullanuvchi jurnalist Bolot Temirov bilan birgalikda tayyorlangan materiallarni tarqatish va e’lon qilishda ishtirok etgan. Go‘yoki ushbu qo‘shma jurnalistik surishtiruvlar «mamlakat rahbariyatiga nisbatan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar va asossiz tanqidni» o‘z ichiga olgan. Sudlanuvchilar esa o‘zining aybini tan olish bayonotlari hokimiyat organlari bosimi ostida olinganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid