Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers: Berlin «Trampning tinchlik rejasi» haqida faqat 21 noyabrda bildi
Germaniya kansleri DW'ga bergan intervyusida Berlin go‘yoki Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha Trampning «tinchlik rejasi» bilan ancha vaqt avvalroq tanish bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya bu haqda faqat ikki kun oldin xabardor bo‘lgan.
Foto: DW
Germaniya kansleri Fridrix Mers DW'ga aytishicha, Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha AQShning «tinchlik rejasi» bilan Germaniya faqat 21 noyabr kuni tanishgan. «Biz bu 28 banddan iborat reja haqida o‘tgan juma kundan beri bilamiz», — dedi u yakshanba, 23 noyabr kuni Yoxannesburgdagi G20 sammiti doirasida DW'ga bergan intervyusida.
Mersning so‘zlariga ko‘ra, shu kuni, 21 noyabrda, u rejani AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Germaniyadan Janubiy Afrikaga uchib ketishidan oldin telefon orqali muhokama qilgan. «Men unga ayrim bandlar bo‘yicha kelishishimiz mumkinligini, ammo boshqa bandlar bo‘yicha — yo‘qligini aytdim», — dedi kansler. Uning ta’kidlashicha, u telefon suhbatida Trampga Berlin Ukrainaga to‘liq tayanch bo‘lib qolishini, uning suvereniteti xavf ostiga qo‘yilmasligi kerakligini uqtirgan.
21 noyabr kuni Berliner Zeitung gazetasi noma’lum manbalarga tayanib, go‘yoki Germaniya Tramp rejasi haqida oktyabr oyi oxiridan beri xabardor bo‘lgani, shu hafta esa faqat «buni hayratlanganday ko‘rsatgani» haqida yozgan edi. Bu ma’lumotlar Rossiya OAV tomonidan keng targ‘ib qilindi.
DW'ga bergan intervyusida Fridrix Mers yana bir bor tomonlar Tramp taklif qilgan «tinchlik rejasi»ning barcha 28 bandini AQSh prezidenti belgilagan muddat — 27 noyabrgacha kelishib olishga ulgura olishiga shubha bildirdi. Shu sababli, uning so‘zlariga ko‘ra, hozir gap mazkur sanaga qadar faqat oraliq natijalarga erishish haqida borayotgan bo‘lishi mumkin. «Biz rejaning qaysi qismi bir tomondan yevropaliklar, amerikaliklar va Ukraina, ikkinchi tomondan esa Rossiyadan bir ovozdan ma’qullanishi mumkinligini tushunishga urinmoqdamiz», — dedi Germaniya hukumati rahbari.
U ayniqsa Trampning «tinchlik rejasi»dagi Rossiya aktivlari Ukrainaga joylashtirilganidan olinadigan foydaning yarmi AQShga berilishi to‘g‘risidagi bandni keskin tanqid qildi: «Bu rejada Yevropa tomoni roziligini talab qiladigan juda ko‘p bandlar bor. Bir misol keltiraman: Bryusselda joylashgan Rossiya aktivlarini amerikaliklarga to‘lab berish mumkin emas. Bu tasavvur qilish qiyin narsa. Shu bois, agar bu rejani amalga oshirishsa, yevropaliklarning qo‘llab-quvvatlashi, shubhasiz, zarur bo‘ladi».
23 noyabr kuni Mers Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish bo‘yicha o‘z taklifini ilgari surgan edi. Gap AQShning 28 banddan iborat «tinchlik rejasi»ning qisqartirilgan varianti haqida borayotgani aytildi. Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya tashabbusi Jyenevada YeI, AQSh va Ukraina vakillarining muzokaralarida muhokama qilingan.