O‘zbekiston | 19:48 / 24.11.2025
51023
8 daqiqa o‘qiladi

“Sizdan ugina, bizdan bugina”. Nega Afg‘onistonga elektr yetkazib beramiz?

Bir necha kun oldin Toshkentda Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni 2026 yilda ham davom ettirish bo‘yicha bitim tuzildi. Bu yangilikka tarmoq foydalanuvchilari turlicha munosabat bildirishdi. Xo‘sh, bu kelishuv zamirida ikki tomon uchun qanday manfaatlar bor?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Elektr yoki gaz bilan bog‘liq xabarlarga o‘zbekistonliklar anchagina ta’sirchan. Bu boradagi yangiliklar, imzolangan shartnomalar-u, oldi-sotdilar hamisha jamoatchilik diqqat-eʼtiborida bo‘lib keladi.

Masalan, bir necha kun oldin Toshkentda “O‘zenergosotish” va DABS kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni 2026 yilda ham davom ettirish bo‘yicha bitim tuzildi. Bu yangilik ostida “o‘zimizda svet yo‘q, afg‘onlarga nega sotyapmiz?”, “xavsizlik nuqtayi nazaridan shunday qilishga majburmiz” degan mazmundagi izohlarni ko‘rish mumkin.

Ammo oxirgi yillardagi vaziyatni chuqurroq tahlil qilsak, holat bir qarashda paydo bo‘ladigan mulohazalardan anchayin farq qiladi.

Bu xayriya emas, tijoriy bitim

Afg‘onistonga elektrni tekinga bermayapmiz, buning uchun ular pul to‘lashadi. Ha, to‘lovlar bo‘yicha kechikishlar va muammolar bo‘lgan. “Tolibon” markaziy hokimiyatni egallagach, dastlabki bosqichda og‘ir iqtisodiy holatga tushib qolgandi. Mamlakatning 9,4 mlrd dollardan iborat davlat zaxiralari AQSh tomonidan muzlatib qo‘yildi. Natijada Afg‘onistonga elektr eksport qiluvchi qo‘shni davlatlar bilan to‘lovlarni amalga oshirishda muammolar paydo bo‘ldi.

Rasmiy Kobul elektrga bo‘lgan ichki ehtiyojning yarmidan ko‘proq qismini O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Erondan import hisobiga qoplaydi. Buning uchun to‘lovlar masalasida keyingi yillarda vaziyat yaxshilangan. O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, Afg‘oniston yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun O‘zbekiston oldidagi to‘lov majburiyatlarini to‘liq bajaryapti. Oldingi hukumatning qarzlarini ham hozirgi hukumat to‘liq to‘lagan. Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini qurish yakunlangach, elektroenergiya eksporti bir necha karraga oshishi ham mumkin ekan.

O‘zbekistonda elektr energiyasi profitsiti

Energetika vazirligiga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi yetishmovchiligi masalasida muammo qolmagan. Oxirgi yillarda qurilgan o‘nlab elektr stansiyalari hisobiga, generatsiya qilinayotgan energiya ichki ehtiyojni to‘la qondira oladi. Svet o‘chishlari esa, rasmiylar izohiga ko‘ra, tok yetishmovchiligidan emas: eskirgan tarmoqlar ba’zi vaqtlarda mavjud yuklamani ko‘tara olmay qolyapti. Tarmoqqa yuklama maksimal ko‘rsatkichga yaqinlashganda, taqsimlash punktlari ishdan chiqmasligi uchun hududiy elektr korxonalari ta’minotni uzib qo‘yishga majbur bo‘ladi. Har holda, rasmiy izoh shunday.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning o‘tgan oydagi matbuot anjumanida aytishicha, 40 yildan ortiq vaqtdan beri ishlatib kelinayotgan, ya’ni o‘tgan asrning 80-yillaridan beri yangilanmagan tarmoqlarning ulushi 35 foizni tashkil etadi. Ular hozirgidek ko‘plab uylarda konditsioner va boshqa elektr jihozlari bo‘lishiga, sanoat korxonalari soniga mo‘ljallanmagan. Tarmoqlarni bosqichma-bosqich yangilash uchun har yili katta miqdorda mablag‘ ajratib kelinyapti.

Yangi qurilayotgan stansiyalar hisobiga elektr energiyasi profitsiti yildan yilga ortib borishi ko‘zda tutilgan. Shu sababli O‘zbekiston Qozog‘iston va Ozarboyjon orqali Yevropaga yashil energiya eksport qilish ustida ham ishlayapti. Buning uchun ushbu uchala davlat o‘rtasida tegishli kelishuvlar ham imzolangan. Ya’ni yaqin yillardan boshlab O‘zbekiston nafaqat qo‘shni davlatlarga, balki olis Yevropaga ham tok sota boshlaydi.

“Sizdan ugina, bizdan bugina”

Afg‘oniston – O‘zbekiston tashqi siyosatida iqtisodiy nuqtayi nazardan muhim o‘rin tutadi. Buni bir qancha omillar bilan izohlash mumkin.

Birinchidan, qo‘shni respublikadagi energetika loyihalariga O‘zbekiston tomoni ham faol jalb qilina boshlandi. Jo‘rabek Mirzamahmudovning ma’lum qilishicha, Afg‘oniston hukumati o‘zbek kompaniyalariga o‘z hududida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va uglevodorodlarni qazib olish uchun litsenziya bergan. Joriy yilning sentabr oyida Tuti-Maydon gaz konini o‘zlashtirish ishlarining boshlanishi bu boradagi ilk qadamlardan biri bo‘ldi. Kelgusida gaz, neft va ko‘mir bo‘yicha qo‘shma energetik loyihalar ham iqtisodiy hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanishi mumkin.

Ikkinchidan, Afg‘oniston hududi – O‘zbekistonning eng muhim transport-tranzit yo‘laklaridan biridir. Rasmiy Toshkent uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri dengizga chiqish yo‘lining yo‘qligi qo‘shni davlatlar orqali o‘tadigan logistik infratuzilmalarga qaramlikni oshiradi. Shu nuqtayi nazardan, Afg‘oniston orqali Pokiston portlari – Karachi, Gvadar va boshqa xalqaro dengiz terminallariga chiqish imkoniyati strategik ahamiyat kasb etadi. Transafg‘on temiryo‘li, Termiz logistika markazi, Surxon–Puli Xumri elektr tarmog‘i kabi loyihalar O‘zbekistonning janubga yo‘nalgan transport infratuzilmasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, dori-darmon, qurilish materiallari, oziq-ovqat, to‘qimachilik va maishiy texnika kabi mahsulotlar bo‘yicha Afg‘oniston O‘zbekistonning eng barqaror va geografik jihatdan qulay eksport bozorlaridan biri sanaladi. Yirik logistika markazlarining ochilishi va chegaraoldi savdo zonalarining kengayishi ikki davlat o‘rtasidagi savdoni yanada kuchaytirdi. Masalan, oxirgi 5 yilda o‘zaro savdo hajmi quyidagicha bo‘lgan:

  • 2021 yilda – 655 mlrd dollar;
  • 2022 yilda – 760 mln dollar;
  • 2023 yilda – 867 mln dollar;
  • 2024 yilda – 1 mlrd 148 mln dollar;
  • 2025 yilning 10 oyida – 1 mlrd 317 mln dollar.

Joriy yildagi savdo aylanmasining qariyb 90 foizini O‘zbekistonning eksporti tashkil etadi. Umuman olganda, Afg‘oniston qo‘shni mamlakatlar ichida Qozog‘istondan keyingi eng katta savdo sherigimiz hisoblanadi.

Band odam urushga chiqmaydi”

Bir necha yil oldin energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportiga izoh berarkan, shunday degan edi:

Ularga elektr energiyasi yetkazib bersak, uyida chiroq bo‘ladi, biror bir ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Ishlab chiqarish bilan band bo‘lgan odam, qo‘pol qilib aytganda, qurol ko‘tarib urushga chiqmaydi”.

Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligi o‘z isbotini topib ulgurdi. Mintaqada barqaror xavfsizlik va savdo aloqalarini ta’minlashning yagona yo‘li – mamlakatni siyosiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish. Tarixan ham, Kobul va Qandahor har doim Hindiston, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo aloqalarining asosiy nuqtalaridan biri bo‘lib kelgan.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati “Afg‘oniston Markaziy Osiyoning bir qismi” konsepsiyasini hayotga chuqurroq tatbiq etish ustida ishlayapti. Ya’ni ushbu loyiha Afg‘onistonning hududiy birliklarini o‘zaro bog‘lash bilan bir qatorda, mamlakatdagi ishsizlik muammosini kamaytiradi, infratuzilma yaratiladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ham Afg‘onistonga eksport imkoniyatlari kengayib boradi.

Mavzuga oid