O‘zbekiston | 16:33 / 25.11.2025
14153
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatining ikki tumaniga yangi hokim tayinlandi

O‘tgan haftada prezident videoselektorida tanqidga uchragan Parkent tumani hokimi Sardor Isoqulov viloyatning boshqa tumani rahbarligiga o‘tkazildi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Bo‘ka tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi. 

Tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Baxtiyor Paxriddinovich Begmatov lavozimidan ozod etildi.

Zoyir Mirzayev Bo‘ka tumani hokimi lavozimiga ayni paytda Parkent tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Sardor Dadajonovich Isoqulov nomzodini tavsiya qilgan.

Sardor Isoqulov tumanni kelgusida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan taqdimot qilgan. 

Deputatlar Sardor Isoqulovni tuman hokimi etib tasdiqlagan.

Ma’lumot uchun, Baxtiyor Begmatov 2024 yil yanvaridan buyon Bo‘ka tumaniga rahbarlik qilib kelayotgandi.

Sardor Isoqulov 2024 yil avgustida Parkent tumani hokimi lavozimida ish boshlagandi.

Shu kuni Parkent tumaniga ham Sardor Isoqulov o‘rniga yangi hokim tayinlandi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan ushbu lavozim uchun ko‘rsatilgan nomzod Elmurod Po‘latov deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Po‘latov shu kungacha Toshkent viloyati hokimligi qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri lavozimida ishlab kelayotgandi. 

Eslatib o‘tamiz, 19 noyabr kuni Kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotganini ko‘rsatib o‘tgan, bosh vazirga ishga shunday yondashgan 20 ta tuman hokimlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish topshirilgandi. Bunday tumanlar qatorida Parkent tumani ham bor edi.

Mavzuga oid