O‘zbekiston | 08:21 / 25.11.2025
3092
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda an’anaviy ariqlar tarmog‘i qayta tiklanadi 

Toshkent shahar hokimligi 2026 yil bahoridan boshlab ko‘p yillar davomida poytaxt suv taqsimoti va mikroiqlimida muhim o‘rin tutgan an’anaviy sug‘orish kanallari - ariqlar tizimini bosqichma-bosqich tiklash va yangilash loyihasini amalga oshiradi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkentda an’anaviy sug‘orish kanallari tarmog‘i — ariqlar tizimini qayta tiklash ishlari boshlanadi. Ushbu tizim ko‘p yillar davomida shaharning suv taqsimotini ta’minlab, qulay mikroiqlim yaratishga xizmat qilib kelgan.

Toshkent shahar hokimligi Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi bilan hamkorlikda ariqlarni bosqichma-bosqich tiklash va zamonaviylashtirish rejasini ishlab chiqmoqda. Loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

  • mavjud ariq o‘zanlarini tozalash va ta’mirlash;
  • shikastlangan qismlarni tiklash;
  • kanallar atrofidagi hududlarda tartib va obodonlashtirish ishlarini olib borish;
  • ariqlardan kelajakda muntazam va samarali foydalanish uchun zarur sharoit yaratish.

Ma’lum qilinishicha, ishlarning asosiy maqsadi — vaqt sinovidan o‘tgan usullarga tayangan holda suv chiqarish va sug‘orish samaradorligini oshirish, shahardagi changlanish darajasini kamaytirish, shuningdek, poytaxt atrof-muhitining ekologik holatini yaxshilashdan iborat.

2026 yil bahorida boshlanishi mo‘ljallangan ushbu loyiha Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va aholining turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlarning bir qismi sifatida amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid