Jamiyat | 16:11 / 27.11.2025
3821
4 daqiqa o‘qiladi

Urgutda narkosavdogar hamshira 10 yilga qamaldi

Oilaviy poliklinika filialida patronaj hamshirasi bo‘lib ishlagan 38 yoshli ayol 5 gramm geroin hamda 1,2 kg opiy narkotik moddasi bilan qo‘lga olingan. U sudda opiyni o‘zi iste’mol qilishini, yonidan topilgan narkotik moddalarni sotish niyati bo‘lmaganini bildirgan. Hamshira oldin ham shu turdagi jinoyat uchun sudlangani, 6,5 yillik qamoq jazosi shartliga o‘zgartirilib, 3 yil sinov muddati berilgani ma’lum bo‘ldi.

Sun’iy intellekt chizgan surat

Samarqand viloyatining Urgut tumanida narkotik moddalar sotishga uringan hamshira jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1987 yilda tug‘ilgan M.M. Urgut tumanidagi oilaviy poliklinikalardan birining filialida patronaj hamshira bo‘lib ishlagan. Unga 2021 yil fevral oyida ham shu turdagi jinoyat bilan 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo shartliga almashtirilib, 3 yil sinov muddati berilgan. Ammo hamshira bundan xulosa chiqarmagan. 

M.M. 2025 yil iyun oyida Jo‘rabek va Oybek ismli shaxslar bilan qismi alohida ish yurituvga ajratilgan ko‘p miqdordagi opiy, geroin giyohvand moddalarini Samarqand viloyati hududida o‘tkazish bo‘yicha oldindan jinoiy reja tuzgan. Rejaga muvofiq u 23 iyun kuni Urgut tumanida yashovchi, qismi alohida ish yurituvga ajratilgan shaxsdan 5,05 gramm geroinni 2 mln so‘mga, 1 kg 226 gramm opiyni 102 mln  984 ming so‘mga qarz evaziga sotib olgan. So‘ngra ushbu narkotik moddalarni keyinchalik boshqalarga o‘tkazish maqsadida yashash xonadonida saqlab kelgan.

2025 yil 1 iyul kuni M.M. tanishining Cobalt mashinasiga yo‘lovchi sifatida minib, yonida 5,05 gramm geroin va 1,2 kg opiy narkotik moddasini olib ketayotganida DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi tezkor bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

M.M. sudda aybiga iqrorlik bildirmagan va opiyni o‘zi iste’mol qilishini aytgan.

Muqaddam olgan jarohatim bo‘yicha taxminan 1 yildan buyon opiy iste’mol qilib kelaman. 2025 yil 1 iyul kuni ertalab mahalladoshim U. bobodan o‘zimning iste’molim uchun 10 gramm opiy sotib oldim. Shu vaqtda U. bobo qo‘lida bo‘lgan paketdagi taxminan 1 kg opiyni menga berib, uni saqlab turishimni, bir joyga ketayotganini, qaytganidan so‘ng olishini aytdi. Men giyohvand moddani olib, sumkamga solib qo‘ydim.

Giyohvand moddalarni sotish maqsadim bo‘lmagan. Tergov davomida menga bosim o‘tkazishdi”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.

Shuningdek, M.M. ayol kishi ekani va kasalmandligini inobatga olib, suddan yengillik berishni so‘ragan. 

Sud hamshiraning giyohvand moddani o‘zi iste’mol qilishi va sotish niyati bo‘lmagani haqidagi ko‘rsatmasini javobgarlikni yengillashtirish uchun o‘ylab topilgan deb hisoblagan. M.M.ning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topgan.

JIB Urgut tuman sudining hukmi bilan M.M. Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) sodir qilishda aybli deb topildi. Unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  

Mavzuga oid