Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeChL. Gigantlar jangida «Arsenal» «Bavariya»ni yakson etdi
Finaldan oldingi final maqomidagi to‘qnashuvda londonliklar azaliy raqibdan qasos oldi va turnir jadvalida yakkapeshqadamga aylandi.
Foto: DeFodi via Getty Images
Myunxenliklarning mavsumdagi ilk mag‘lubiyati
«Arsenal» kuzning asosiy o‘yinida «Bavariya»ni mag‘lub etdi (3:1). Londonliklar himoyasi myunxenliklar hujum chizig‘ini to‘xtatdi, Harri Keynga umuman imkon berilmadi.
«Arsenal» – «Bavariya» 3:1
Gollar: Timber, 22 (1:0). Karl, 32 (1:1). Madueke, 69 (2:1). Martinelli, 77 (3:1)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Moskera, Lyuis-Skelli (Kalafiori, 68), Timber (Uayt, 80), Subimendi, Rays, Eze (Edegor, 80), Trossar (Madueke, 38), Saka (Martinelli, 68), Merino
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano (Kim Min Je, 81), Ta, Stanishich, Laymer (Bishof, 72), Kimmih (Rafael Gerreyru, 81), Pavlovich, Karl (Goretska, 81), Gnabri (Jyekson, 72), Olise, Keyn
Ogohlantirishlar: Saliba, 74. Merino, 80 – Upamekano, 23. Laymer, 43
Bu o‘yin oldidan intrigalar yetarlicha edi. «Arsenal» APLda, «Bavariya» – Bundesligada yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Ular Chempionlar ligasi startida ham to‘rt o‘yinda maksimum ochko to‘plab (12 tadan), birinchi va ikkinchi o‘rinlarni bo‘lishib turishgandi. Londonliklar bu to‘rt o‘yinning birortasida gol o‘tkazmagan, myunxenliklar esa barchadan ko‘p gol urgandi. «Arsenal» sentabr oyi boshidan buyon mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan, «Bavariya» esa bu mavsumda umuman yutqazmagandi. Umuman olganda, qaysi rakursdan qaralsa ham, bu YeChL guruh bosqichidagi eng asosiy to‘qnashuv bo‘lishi kutilayotgandi.
Mikel Arteta boshlang‘ich tarkib bo‘yicha ikki qarori bilan biroz ajablanirdi: chap qanot himoyasida tajribali Rikkardo Kalafiori emas, 19 yoshli Maylz Lyuis-Skelli tushdi. Markaziy himoyaning chap qanotida esa jarohatdagi Gabriyel Magalyayesh o‘rniga «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda ishonchli harakatlangan Piyero Inkapie emas, 21 yoshli Kristian Moskera tushdi. Asosiy markaziy hujumchi Viktor Yokeresh, ikkinchi va uchinchi hujumchilar Kay Havers hamda Gabriyel Jyezus hali jarohatdan to‘liq tuzalib safga qaytmagani tufayli bu vazifa yana bir bor asli yarimhimoyachi bo‘lgan Mikel Merinoga ishonib topshirildi.
O‘z navbatida, «Bavariya» diskvalifikatsiya tufayli Luis Dias xizmatlaridan foydalana olmasdi va uning o‘rniga 17 yoshli vunderkind Lennart Karl boshlang‘ich tarkibda tushdi. Shuningdek, Vensan Kompani tezkor Sakaga qarshi chap qanot himoyasida asli o‘ng qanot vakili bo‘lgan Laymerga ishonch bildirdi.
Myunxenliklar o‘yinning dastlabki daqiqalarida to‘pga egalik qilishdi, ammo vaziyatlar yarata olishmadi, mezbonlar esa asta-sekinlik bilan raqib jarima maydoni atrofida bosim uyushtirishga kirishishdi va ketma-ket vaziyatlarga ega bo‘lishdi. Myunxenliklar esa ilk zarbasini faqat 20-daqiqaga kelib yo‘lladi, ammo Upamekano Olisening qanotdan uzatmasiga to‘g‘ri zarba berolmadi. Javob hujumida esa «Arsenal» asosiy fishkasini ishga solib, hisobni ochdi: Subimendining pressingdagi faolligi evaziga o‘yindagi ilk burchak zarbasi ishlandi, Saka u yerdan to‘pni yaqin ustun oldiga yetkazib berdi, bu yerda esa Timber Noyyerdan ildamroq harakat qildi va to‘pni bosh bilan darvoza to‘riga kiritdi.

«Bavariya» o‘zining ojiz nuqtasi bo‘lgan standart vaziyatdan navbatdagi golni o‘tkazib yubordi. Jamoa bungacha bundesligada jami 8 gol o‘tkazgan va shundan 6 tasi standart vaziyatlardan. «Arsenal» uchun esa bu joriy mavsumda burchak zarbalaridan keyin urilgan 10-gol bo‘ldi (tabiiyki, barchanikidan ko‘p).
«Arsenal» shundan keyin «Bavariya»ga bo‘sh zonalar qoldirmadi va pozitsion hujumlar uyushtirishga imkon bermadi, maydonning raqib tomonida kuchli pressing uyushtirdi va to‘p olib qo‘yilgan holatlarda xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi. Eze Noyyer to‘p uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘ygach, «ikkiga to‘rt» formatida yuzaga kelgan superimkoniyatdan foydalana olmadi.
Natijada londonliklar 2:0 hisobida oldinga chiqib olishi o‘rniga, hisob 1:1 ko‘rinishini oldi. Kimmih dohiyona diagonal pas bilan katta masofani kesib o‘tdi, «kanonirlar»ning sobiq futbolchisi, shu kuni chap qanot hujumida tushgan Gnabri esa o‘ng qanotda paydo bo‘lib, Skellidan ildamroq harakat qildi va bir teginishda to‘pni jarima maydoniga oshirdi, u yerda ochilgan Karl esa darvozani osonlik bilan ishg‘ol qildi. 17 yoshli vunderkind «Emireyts»da bungacha to‘rt turda gol o‘tkazmagan «Arsenal» darvozasini ishg‘ol qildi.
Ko‘p o‘tmay maydon egalari yana bir muammoga duch kelishdi – Leandro Trossar jarohat oldi va 38-daqiqada o‘z o‘rnini Noni Maduekega bo‘shatib berdi. Bo‘lim o‘yin mantig‘iga mos hisob bilan yakunlandi: jamoalar raqib darvozalari sohasiga to‘g‘ri borgan bittadan zarba yo‘llashdi va bu zarbalar golga aylandi. «Arsenal» dastlabki yarim soatda ustunroq edi, ammo bo‘lim oxirlariga borib «Bavariya» vaziyatni tenglashtirdi va masala ikkinchi bo‘limga qoldi.
Tanaffusdan qaytgach mezbonlar darhol oldinga tashlandi va raqib jarima maydonini qamal qilishdi. Saka Kimmihning to‘p yo‘qotishidan keyin ajoyib imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo uning zarbasidan keyin Noyyer to‘pni barmoqlari uchi bilan yuqoriga ko‘tarib yuborishga ulgurdi.
Londonliklar yana asosiy quroliga murojaat qilishdi, ikkinchi bo‘lim boshidagi 12 daqiqalikda to‘rt marta burchak zarbasi ijro etildi va ularning har biri xavfli vaziyat bilan yakunlandi, Mikel Merinoning o‘zi uch marta boshda zarba yo‘lladi, ammo unga biroz aniqlik yetishmadi. Moskera va Raysning yaqin masofadan yo‘llagan zarbalarini esa Noyyer qaytardi.
Bu vaqt oralig‘ida mehmonlar ham o‘ng qanotdan xavfli yurishlar amalga oshirishdi, Skelli ikki vaziyatda Olise va Karlni osonlik bilan o‘tkazib yubordi, ammo bu hujumlar golli vaziyatgacha yetib bormadi.
68-daqiqada Arteta boshlang‘ich tarkibdagi xatosini anglab yetdi va Skelli o‘rniga Kalafiorini tushirdi, shuningdek, charchagan Sakani Martinelli almashtirdi, braziliyalik vinger chap qanotga o‘tdi, Madueke o‘zi uchun sevimli bo‘lgan o‘ng qanotga qaytdi. Aynan shu almashtirishlar o‘yin taqdirini hal qildi. Ikki daqiqa o‘tib Rays Upamekanoning noaniq pasidan keyin to‘pni egallab oldi va chaproqda turgan Ezega oshirdi, u esa himoyachilar ortiga ochilgan Kalafiorini o‘z vaqtida to‘p bilan ta’minladi. Italiyalik joker esa to‘pni qanotdan olis ustun tomon yetkazdi, u yerga yetib kelgan Madueke darvoza to‘rini o‘qqa tutdi – 2:1.
Kompani darhol reaksiya ko‘rsatib, holdan toygan Serj Gnabri va Konrad Laymerni maydondan olib, Nikolas Jyekson va Tom Bishofni jangga tashladi. «Bavariya»da hali o‘yinni qutqarish uchun taxminan 20 daqiqa bor edi. Ammo myunxenliklarning bu umidi uzoqqa cho‘zilmadi. Noyyer raqib hujumi vaqtida o‘z uslubida tavakkalchilik qilib, juda oldinga chiqib ketdi, lekin to‘pni egallay olmadi, Martinelli to‘pni bir teginishda uning yonidan o‘tkazdi va oldinga yugurib, bo‘sh darvozani ishg‘ol qildi.

76-daqiqada hozirgi «Arsenal»ga qarshi 1:3 hisobi – amalda o‘yin taqdiri hal degani.
«Bavariya» ikkinchi bo‘limda yo‘qolib qoldi, «Arsenal» kuchli bosim uyushtirdi va ishonchli g‘alabaga erishdi.
Zarbalar bo‘yicha 12:8 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 8:2), kutilgan gollar ko‘rsatkichi bo‘yicha 2,72 xG ga 0,69 xG, burchak zarbalari bo‘yicha 6:1 – londonliklar ishonchli tarzda revansh olishdi. Bungacha «Arsenal» roppa-rosa 10 yil davomida rasmiy o‘yinlarda (5) «Bavariya»ni yenga olmayotgandi. Ushbu jamoaga qarshi so‘nggi g‘alaba 2015 yil oktyabrida qayd etilgan (YeChL pley-offida Myunxenda kechgan javob o‘yinida 2:0, lekin birinchi o‘yinda o‘z uyida 1:3 hisobida yutqazgan va safardagi gol qoidasi tufayli turnirni tark etgandi), shundan keyin bir durang va to‘rt mag‘lubiyat bo‘lgan, shundan uch o‘yinda – 1:5 hisoblarida. Aytish mumkinki, qasos olish boshlandi.
«Arsenal» yakkapeshqadamga aylandi: besh o‘yinda besh g‘alaba. Qolganlar esa ochko yo‘qotib bo‘lgan
Londonliklar haqiqiy mashinaga aylanmoqda.
● Faqat «Arsenal» guruh bosqichida 100 foizlik g‘alabaga ega. «Bavariya» 12 ochko bilan qoldi, bungacha ideal o‘yin ko‘rsatib turgan yana bir jamoa «Inter» ham «Atletiko»ga yutqazdi (1:2).
● «Arsenal» yozdan buyon yutqazmayapti. Kuzdagi o‘yinlarda 14 g‘alaba va ikki durang qayd etildi (31 avgust kuni APL 3-turida «Liverpul»ga qarshi mag‘lubiyat yagona bo‘lib qolmoqda).
● «Bavariya» esa bu mavsumda ilk bor yutqazdi. Jamoa bundesligada 10 g‘alaba va bir durang qayd etgandi, YeChLda esa «Arsenal» bilan o‘yinda bu seriya to‘xtadi.
Keyingi turda «Arsenal» Belgiyada «Bryugge» mehmoni bo‘ladi. «Bavariya» «Sporting»ni qabul qiladi.

Mavzuga oid
12:09 / 04.12.2025
«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
12:19 / 03.12.2025
«Siti» 4 ta gol o‘tkazdi, «Barsa»da kambek
13:00 / 01.12.2025
«Real» peshqadamlikni boy berdi, «Arsenal» ham ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
11:54 / 30.11.2025