O‘zbekiston | 10:23 / 27.11.2025
2962
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropaga ishga borayotganlar uchun viza olish jarayoni soddalashishi mumkin

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olim Abdullayev Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi mintaqaviy direktori Radim Zak bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ishga borayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar uchun viza olish jarayonlarini soddalashtirish va migratsiya siyosati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: TIV

Muzokaralar davomida migratsiya siyosatini takomillashtirish, Yevropa Ittifoqi davlatlariga ishga ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talablarini soddalashtirish, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarning markaz ta’lim dasturlarida kengroq ishtirok etishi masalalari ko‘rib chiqildi.

Markaz tomonidan hukumatlararo hujjatlarni tezlashtirilgan tartibda kelishishga ko‘maklashish, shuningdek, Yevropa mehnat bozori talablariga yo‘naltirilgan qayta tayyorlov dasturlarini kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyorlik bildirildi.

Tomonlar, shuningdek, Shvetsiyadan qaytayotgan fuqarolarning barqaror reabilitatsiya va reintegratsiya mexanizmlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilib, BOMCA-11 mintaqaviy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv chog‘ida Radim Zakka markazning O‘zbekistonda to‘laqonli vakolatxonasini ochish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilingani haqida ham ma’lumot berildi. O‘z navbatida u muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish niyatini tasdiqladi.

Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi 1993 yilda Avstriya va Shveytsariya tomonidan tashkil etilgan hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 21 ta a’zo davlatni birlashtiradi va 200 dan ortiq xalqaro hamkorlar bilan faol ish olib boradi. U migratsiya siyosati sohasida zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqish va ilgari surish bo‘yicha yetakchi xalqaro platformalardan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid