Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Farmonning ijrosini qilsak, muammoni birmuncha kamaytiramiz” – iqlimshunos
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning aytishicha, shu kunlarda Toshkentdagi havo ifloslanishida tabiiy emas, balki antropogen omillarning hissasi ko‘proq. “Yirik-yirik shaharlarda inversiya hodisasi ko‘payib, havoda “smog” bo‘ladi. Biz o‘zi “smog”ga to‘qnash kelyapmiz”, – deydi u Kun.uzʼga bergan intervyusida. Mutaxassis bu sabab sog‘liqni saqlashdagi masalalar davlatga qimmatga tushishini, chora-tadbirlar to‘liq bajarilmasa, muammo kamaymasligini aytmoqda.
Toshkent va uning atrofidagi hududlar, qisman vodiy viloyatlari salkam bir haftaki havo ifloslanishidan aziyat chekadi. Holat ayniqsa poytaxt shaharda og‘irroq o‘tmoqda.
Shundan kelib chiqib, shahardagi ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov farmon ilmiy asoslarga tayanilgan holda ishlab chiqilganini, undagi vazifalarni bajarishni kechiktirib bo‘lmasligini, bu davlatga qimmatga tushishini aytmoqda. Mutaxassis Kun.uzʼga bergan intervyusida farmon doirasida nimalar qilinishini, uning ortidan qanday natija bo‘lishini batafsil tushuntirib berdi. Quyida intervyuning matni keltiriladi.
Shu kunlarda Toshkentni qaysi manbalar ifloslantirmoqda?
Toshkent tarixida 170 yillikdagi eng quruq ikkinchi yil hozir kuzatilyapti. Birinchisi – 1917 yilda kuzatilgan. Ya’ni o‘sha paytda qahatchilik, ocharchilik bo‘lgan, hattoki qurg‘oqchilik effekti sabablari ham aytiladi. Endi boshqa omillar ham bor. Ya’ni bunaqa kam yog‘in kuzatilgan paytda, umuman bizning mintaqada, cho‘l hududlarida tuproq namgarchiligining qochishi mayda zarrachalarning havoga ko‘tarilishiga moyil qilib qo‘yadi. Mana shuning orqasidan biz muttasil mana shu mavsumda chang-g‘uborli havoga to‘qnash kelyapmiz. Ya’ni bu tabiiy omil deyiladi.
Lekin tabiiy changlar o‘tmishda ham ko‘p bo‘lgan va bu darajada inson salomatligiga ta’sir ko‘rsatmagan. Oxirgi paytda aholining noroziliklari: changning ko‘zni yoshlantiruvchi, hattoki o‘pka, tomoqda qichish hosil qilishi yoki boshni og‘ritishi, hattoki uyqularining buzilishi – boshqa-boshqa har xil muammolar antropogen omillarga yetaklaydi va ayni bu masalalar yirik shaharlarga xos. Ya’ni poytaxt bilan solishtiradigan bo‘lsangiz, xuddi shunaqangi manzara. Sun’iy yo‘ldoshdan ko‘radigan bo‘lsangiz, janubiy tumanlarida: Bo‘ka, Bekobod yoki Yangiyo‘lda bo‘ladigan bo‘lsa, lekin poytaxt ichida xuddi inson qanaqadir bosim ostida yurgandek bo‘ladi.
Bu antropogen sabablar, ya’ni inson omili natijasida havoga chiqayotgan tashlamalar sabab yuzaga kelmoqda. Bular agar muttasil davom etadigan bo‘lsa, zaharli moddalar deyiladi. Ya’ni kishilarda zaharlanish yuzaga kelishi mumkin. O‘zidan karbonat angidrid gazining konsentratsiyasini keltirib chiqarib, sekin is gaziga ham aylanishi mumkin. Mana shunaqangi jarayonga asta-sekin poytaxt kirib borayotgan edi.
Endi buning uchun o‘sha antitsiklon jarayoni, ya’ni quruq ob-havo sharoitida mintaqada yangi so‘z paydo bo‘ldi: inversiya. Inversiya hodisasi. Juda ham ko‘p. Bu inversiya o‘zi nima? O‘sha quruq havo shakllanganda, quyosh chiqqanida, kechqurun yer sirti soviydi va quyosh chiqqanda zudlik bilan yuqorini isitish hisobiga pastki va yuqorida harorat bir xil bo‘ladi. Bu odatda qish oylarida bo‘ladi va bu paytda sovuq havo qamalib qoladi, ya’ni bosilib qoladi.
Mana shu paytda yirik shaharlarda ishga borish va ishdan qaytishda avtomobil haddan tashqari ko‘p harakatlanadi. Tirbandliklar bo‘ladi va mana shu to‘rt soatlikda mayda zarracha shamol omili, ya’ni avtomobil keltirib chiqarayotgan kichik tezlikdagi mayda shamol hisobiga havoga ko‘tariladi. Shu paytda biz odatda reytingda birinchi o‘ringa ko‘tarilamiz.
Buning uchun yo qanaqadir shamol esishi kerak, poytaxtdan shamol esib changni olib ketishi kerak yoki yomg‘ir yog‘ishi kerak. Masalan, o‘tgan kuzlarda har 5-10 kunlikda bitta yomg‘ir yog‘gan. Oktyabr-noyabr oylarida, masalan, poytaxtda ko‘rpa misol yerga bosuvchi yomg‘irlar bo‘lgan. Bu yil o‘sha yo‘q. Shuning hisobiga chang chiqib keta olmayapti, ya’ni kuchli shamollar ham esayotgani yo‘q. Eslaysizmi, masalan, oxirgi bir-ikki oylikda, uch oylikda bir 10 m/s, ya’ni daraxtlarni sindiruvchi shamol bo‘lmadi, o‘zi kuz oylarida daraxtlarni sindiruvchi shamol bo‘lishi kerak, bo‘lgan oldindan. Lekin shu shamolning o‘zi ham yo‘q-da. Demak, shahar atrofi yoki shahar ichidagi yig‘ilayotgan mayda zarrachalarni hozir tashqariga olib ketadigan omil yo‘q.
Buning ustiga, poytaxt atrofida issiqxonalarni biz rejalashtirdik. Yana undan tashqari Qozog‘istonda, biz bilan chegaradosh hududlarda haddan tashqari ko‘p issiqxonalar ishlayapti, potirlatib ko‘mir yoqishyapti. Gaz resurslari bilan ularda imkoniyat yo‘q, ularda ko‘mir juda ham arzon. Shuning hisobiga qo‘shni Qozog‘istonning mo‘risidan chiqayotgan qora tutunlarni ham sun’iy yo‘ldoshda ko‘ryapmiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri Toshkentga ta’sir ko‘rsatyapti. Va o‘zimizning 3 000 ga yaqin bo‘lgan issiqxonalar ham ta’sir ko‘rsatib, ko‘mir yonishi natijasida yuzaga keladigan narsa juda ham xavfli hisoblanadi. Zararli va asosiy kishilarda o‘sha muammolar keltirib chiqarayotgan, ko‘p savol berilayotgan omil aslida mana shular.
Farmon bilan nimalar qilinadi?
Prezidentning 229-sonli farmoni chiqdi va unga 20 ga yaqin takliflar kiritildi. Umumiy vaziyatlardan kelib chiqib, qurilish, energetika, transport, maishiy xizmatlar tarmoqlarini hisobga olib va tabiiy, ya’ni o‘sha Qozog‘iston hududlaridan kirib kelayotgan chang havolarini, bizning Toshkentga kirib kelayotgan hamma nimalarni hisobga olib turib, o‘sha PM2,5 keltirib chiqarayotgan manba oqibatlariga qarshi farmonda bitta-bittalab chora ko‘rsatilyapti.
Masalan, muntazam ravishda qurilish obektlarida suv sepish nazarda tutilyapti. Hozir yana huquq osti hujjatlari chiqadi. Bularning masalalari ko‘rilyapti. Biz shamol koridorlarini yo‘qotib qo‘ydik, palapartish qurilish bo‘ldi. Oldinlari poytaxtga asosan shimoliy-g‘arbdan, shimoldan, shimoliy-sharqdan shamollar esar edi va to‘g‘ridan to‘g‘ri poytaxtda yig‘ilgan iflos moddalarni Yangiyo‘l, umuman cho‘l hududlariga olib ketar edi. Endi hozir shamol gulini yo‘qotib qo‘ydik, ya’ni qurilishlar palapartish qurildi. Pastda esuvchi, 40–30 metr pastda esuvchi shamollarning kuchini yo‘qotish hisobiga endi boshqa hududlardan shamol esib kelyapti. Umuman, poytaxt shunaqangi bir lokatsiyaga aylandiki, so‘nggi yillarda hamma tomondan esadigan bo‘lib qoldi. Shuni hisobga olib turib, farmonda ilmiy-tekshirish institutlariga topshiriq berilyapti.
Endi shamollar xuddi mana shunaqangi sharoit kuzatilgan qaysidir shaharlarda, masalan, Xitoy, Avstraliya shaharlarida bo‘lgan ekan va ular o‘sha konveksiya degan usuldan foydalanishgan. Ko‘pchilik hozir sun’iy yomg‘irdan umid qilyapti. Sun’iy yomg‘ir qimmat, uning ustiga doim o‘zining samarasini bermaydi. Ya’ni sun’iy yomg‘ir bilan bitta yog‘dirib tushirasiz, ya’ni loy yomg‘ir yog‘ib, boshqa bo‘ladi. U juda katta, xuddi bir ariqlarda suv oqadigan darajada, biz unaqa texnologiyalarni qo‘llay olmaymiz. Shuning hisobiga yana ko‘tarilishi mumkin. Chunki yana inversiya bo‘ladi. Shuning uchun eng yaxshi yo‘li bu konveksiya usuli deyiladi. Toshkentga yaqinroq bo‘lgan tog‘oldi hududlarida havo toza bo‘ladi. Bo‘stonliqqa chiqsangiz, pastdan qarasangiz, xuddi Toshkentda shu jigarrang, qora, kulrang rangli “smog”ni ko‘rasiz.
Agar teleminoraning ustiga chiqib qarasangiz, 340 metr yuqorisida havo top-toza. Pastda 20 barobar ifloslanish, yuqorida top-toza, xuddi Shveytsariya havosi bo‘lib turadi. Chunki bizda teleminorada har 60 metrda datchiklarimiz bor. O‘rganyapmiz, ko‘rinyapti hammasi. Shuni hisobga olib turib, tog‘li hududlarimizda biz bulutni hosil qiladigan bo‘lsak, bu mumkin, lekin yomg‘ir yog‘dira olmaymiz, bulut ostida o‘zi shamol paydo bo‘ladi, o‘zi bulutosti shamol deyiladi. O‘sha shamol orqali poytaxtga siz bosimni bersangiz bo‘ladi. Bu konveksiya usuli deyiladi. Xitoy, hattoki Avstraliya ham qo‘llagan. Biz ham shuni qo‘llab ko‘rmoqchimiz. Farmonda yozib qo‘yilgan, buni endi ilmiy-tadqiqot institutlarining ikki yillik tajribasi asosida ko‘rib chiqishadi. Bu bittasi.
Ikkinchisi – konvergen va ventur usullarining qurilish sektoriga ta’siri. Bu shamol koridorlarini hosil qilish. Ya’ni endi shamol esmayapti, 0 metr, hozir mana shunaqa paytda 0 metr, yarim m/s shamol bo‘lyapti. Biz o‘zi shunaqangi iflos paytlarda 2 m/s shamolga ham zo‘r bo‘lib qolamiz. Qani endi 2 m/s shamol essa-yu, bizning o‘sha poytaxtda yig‘ilgan iflos moddalarni olib ketsa, deb qolamiz. Shuning hisobiga endi bu oldinlari bo‘lgan. Masalan, bundan 100 yil oldin o‘sha qurilishlarimiz shamolning yo‘lini to‘smaydigan darajada bir qavat yoki ikki qavat bo‘lgan. Hattoki o‘tgan asrdagi bosh rejada ham shamol koridorlari uchun yo‘llar qoldirib ketilgan. Shamol kirib poytaxtdan barcha mayda zarrachalarni olib chiqib ketadigan bo‘lgan. Endi hozir umuman bu tartib buzilgan.
Shuning hisobiga endi biz mavjud bo‘lgan infratuzilmani yo‘qotmasdan, buzmasdan turib, bor imkoniyatlardan foydalanamiz. Ya’ni shamol tezligini kuchaytiramiz. Shu masalada ham ilmiy-tadqiqot institutlariga topshiriq berilyapti, o‘rganilyapti. Biz hozir o‘tgan asrdagi shamol guli ma’lumoti asosida qurilish qilyapmiz, shamol guli unaqa emas aslida. So‘nggi besh yillikni ko‘radigan bo‘lsangiz ham, boshqa gap. Endi qurilishning fasad qismida kam tejovchi elektr energiyasini hisobga olib turib turli xil aerodinamik, shamolni kuchaytiruvchi arxitektura yechimlari ko‘rsatib o‘tib ketilyapti. Bu ham yaxshi. Xuddiki, masalan, O‘zbekiston mehmonxonasi, Milliy universitet rektorat binosi yoki Politexnika institutiga – bu sovet davrida qurilgan hammasi – borsangiz, tabiiy konditsioner bor. Ichkarida yoz issig‘ida konditsioner yoqmasangiz ham muzdek shabada esib turadi. Ana shu o‘sha bino-inshootining tashqi qismidagi aerodinamik arxitektura yechimi orqali hal etilgan. Shuning hisobiga biz ham shunga o‘tyapmiz va bu biroz bo‘lsa-da shamol tezligini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan mezon ekan. Bu ko‘rsatib o‘tilyapti.
Va eng asosiysi, Suv xo‘jaligi vazirligiga topshiriq berilgan. Oldinlari poytaxtda suv obektlari bo‘lar edi. Komsomol, Kun.uz studiyasiga yaqin bo‘lgan Milliy bog‘ hududida ham bundan 20–30 yil oldin juda katta suv obekti bo‘lgan va bu “shahar o‘pkasi” deyilgan. Mana shunaqangi suv obektlari o‘tmishdagi bosh rejada ham, o‘sha 1937 yilda ishlab chiqilgan bosh rejada ham hududlarda ko‘p-ko‘p sun’iy suv obektlari qoldirib ketilgan. Sun’iy suv obektlari ham shamol chaqiruvchi va undan tashqari kislorod ko‘paytiruvchi, havoda mayda dispers zarrachalar kamroq bo‘lishini ta’minlovchi bir asosiy manba hisoblanadi va farmonda ko‘rsatilyapti, poytaxtning to‘rtta burchagida uchtadan nuqtada, demak, umumiy 12 ta bo‘ladi, katta-katta suv obektlarini Suv xo‘jaligi vazirligi topib, yer topib, sun’iy ko‘llarni yaratish masalasi ko‘rsatilyapti. Bu juda ham kerakli.
Va eng asosiy mezon bu yashillashtirish. Endi ko‘p aytilyapti. Poytaxt ichida 33 kilometrga yashil yo‘lak, ya’ni xuddi shamol koridorini hosil qiladigan yashil yo‘lak va Qozog‘istondan kirib keladigan, bo‘sh hududlarda ham yashil qoplamalar, ya’ni yashil belbog‘lar tashkil etish masalalari farmonda ko‘rsatilyapti.
Undan tashqari, avtomobil sektoriga e’tibor berilyapti. Shunda ham biz ko‘p 80 benzindan voz kechish masalalarini gapiryapmiz va avtomobil sektorida ham o‘sha og‘ir yuk tashuvchi, favqulodda ifloslanish yuz bergan paytlarda shahar ichiga katta yuk mashinalarini kiritmaslik va hattoki asosiy davlat tashkilotida ishlaydigan xodimlarni jamoat transportida harakatlanishi birinchi o‘rinda va keyin sekin-asta, mana shunaqangi favqulodda holatlarda, ya’ni havo ifloslanishi kuchli bo‘lganda, xuddi karantin davridagiga o‘xshagan mana shu yechimlar ko‘rib o‘tilyapti.
Va yana bitta eng asosiysi, har kimning uy sharoitida ham eng havosi toza joy bu oshxona hisoblanadi. Chunki suv qaynaydi, o‘sha joyda ovqat pishirasiz. Ya’ni mayda zarrachalarni suv bug‘lari yutadi. Shuni hisobga olib turib, endi sovet davrida ham ko‘rishgan mana shu mexanizmni, yo‘l chetlarida fontanlar, favvoralar tashkil etish masalalari hozir mana shu farmonda ham ko‘rsatilyapti. Endi Toshkentning juda ham ko‘plab hududlarida favvoralarini ko‘ramiz. Favvoralar juda ham kerak. Shaharni toza saqlovchi, shaharda kislorod ko‘paytiruvchi, shaharda o‘sha issiq yoz oylarida ham o‘sha favvoralar insonlarga hattoki konditsioner bera olmagan bir sovuqlikni beradi. Shunaqangi bir komfort, yaxshi estetik salqinlanadigan bir vaziyati bo‘ladi va mana shunaqangi narsa ko‘payishini biz hozir ko‘ryapmiz, farmonda ko‘rsatilyapti.
Undan tashqari, qurilish sektorida, endi qurilish obektlarining 25 foiz qismida umumiy yashillikni tashkil etish – o‘zi shundoq ham bunaqangi huquqiy hujjatimiz bor, lekin so‘nggi paytlarda biz bosh rejalarida ham, master rejalarda ham ko‘ramiz, lekin amalda kelganda o‘sha daraxt ham bo‘lmaydi, o‘sha yashil qoplamalari bo‘lmaydi, xuddi cho‘lday bo‘lib turadi. Mana shu masalalar hozir ko‘rib o‘tilyapti.
Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
08:41
Toshkentda 115-sonli avtobus yo‘nalishi yangilandi
17:31 / 04.12.2025
Past Darg‘omda cho‘chqaxona egalari havoni ifloslab kelgani aniqlandi
09:34 / 04.12.2025
Toshkentda yo‘llarni ifloslagan yuk mashinalari bo‘yicha reydlar kuchaytirildi
18:36 / 03.12.2025