Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyalik oila Istanbulda insektitsid bilan zaharlanish oqibatida vafot etdi
Sud ekspertizasi aniqlashicha, nemis oilaning o‘limiga mehmonxonada hasharotlarga qarshi kurashish uchun qo‘llangan zaharli gaz sabab bo‘lgan. Tergovchilar bir nechta gumon qilinuvchilarni hali ham tergov hibsxonasida ushlab turibdi.
Foto: AP
Hamburgdan Istanbulga sayohatga kelgan va u yerda vafot etgan oilaning o‘limiga mehmonxonada hasharotlarga qarshi kurashish uchun ishlatilgan insektitsid bilan zaharlanish sabab bo‘lgan. Bu haqda 27 noyabr, payshanba kuni Istanbul prokuraturasi sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga tayanib xabar berdi. Avvalroq taxmin qilinganidek, ovqatdan zaharlanish versiyasi tasdiqlanmadi. Shuningdek, oilaning o‘limiga tan jarohati sabab bo‘lganini ko‘rsatuvchi biror-bir belgi aniqlanmadi.
Tergov doirasida qo‘lga olingan olti kishi hali ham tergov izolyatorida saqlanmoqda. Ular orasida mehmonxona egasi va hasharotlarga qarshi kurashish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya egasi bor. Yana to‘rt gumonlanuvchi esa avvalroq ozod qilingan. Vakolatli organlar bu ish doirasida oila oziq-ovqat sotib olgan ko‘cha sotuvchilarini ham ushlab, so‘roq qilgan edi.
Istanbul prokuraturasi aniq qaysi modda ishlatilganini ochiqlamagan. Biroq OAV sud-tibbiy ekspertiza hisobotiga tayanib, mehmonxonada zaharli fosfin gazi aniqlanganini xabar qildi. Davlat axborot agentligi Anadolu ma’lumotiga ko‘ra, fosfin mehmonxona xonasida olingan namunada ham, shuningdek sochiqlarda ham topilgan.
Alyuminiy fosfid ko‘p hollarda hasharotlarga qarshi vosita sifatida ishlatiladi. U suv bilan yoki hatto havodagi namlik ta’sirida zaharli fosfin gazini ajratadi. Bu gaz organizm hujayralarini shikastlaydi va yuqori konsentratsiyada qonda kislorod tashilishiga xalal beradi. Fosfinni nafas orqali yutib yuborish yo‘tal, qusish, jigar va buyrak faoliyati buzilishini keltirib chiqarishi va o‘limga olib kelishi mumkin.
Hamburgdan bo‘lgan, ta’tilga Istanbulga kelgan ota-ona va ularning ikki kichik farzandi noyabr o‘rtalarida ko‘ngil aynishi va qusish belgilari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, ular vafot etgan. Asli kelib chiqishi turk bo‘lgan bu oilaning fojiali taqdiri mamlakatda katta jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Mavzuga oid
11:47
So‘rov: nemislar hukumat va pensiya tizimidan norozi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
16:30 / 04.12.2025
Berlin Ukrainaga qurol-yarog‘ yordamini 200 mln dollarga oshiradi
16:43 / 03.12.2025