Jahon | 09:54 / 28.11.2025
2563
6 daqiqa o‘qiladi

Gibrid urush: Yevropa Rossiyaga nisbatan keskin javob ssenariylarini tayyorlayapti

YeI va NATO mamlakatlari Moskva harakatlariga nisbatan yanada keskinroq javob choralarini ko‘rib chiqmoqda. Variantlar orasida kiberamaliyotlar va Rossiya chegaralari yaqinida kutilmagan harbiy mashqlar ham bor.

Foto: Nicolas Tucat/AFP/Getty Images

Yevropa davlatlari NATO mamlakatlariga nisbatan Rossiya kuchaytirayotgan gibrid hujumlar fonida, bir necha yil oldin “tasavvur qilib bo‘lmas” deb hisoblangan qarorlarni tayyorlamoqda. Gap qo‘shma hujumkor kiberoperatsiyalardan tortib bunday harakatlarning tez va muvofiqlashtirilgan tarzda kimga tegishli ekanini oshkora ravishda Moskvaga yuklashgacha bo‘lgan g‘oyalar haqida borayotgani aytilmoqda. NATO rahbarligida Rossiya chegaralari yaqinida kutilmagan harbiy mashqlar o‘tkazish imkoniyati ham o‘rganilmoqda, deb xabar berdi 27 noyabr, payshanba kuni Politico nashri YeIning ikki yuqori martabali amaldori va uch nafar yevropalik diplomatga tayanib.

Latviya tashqi ishlar vaziri Bayba Brajye ta’kidlashicha, Rossiya doimiy ravishda “qabul qilinadigan” chegaralarni va g‘arb reaksiyasini sinab ko‘rmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, yanada proaktiv pozitsiya zarur. U shunday qo‘shimcha qildi: “Signalni so‘zlar emas, amallar beradi”.

So‘nggi haftalar va oylarda Rossiya dronlari Polsha va Ruminiya havo hududini buzdi, noma’lum dronlar esa butun Yevropa bo‘ylab aeroportlar va harbiy obektlarda xaos keltirib chiqardi. Boshqa hodisalar orasida GPS signallarini ishdan chiqarish, harbiy samolyot va kemalarning kirib kelishi, shuningdek Ukrainaga harbiy yordam yetkazib beriladigan muhim Polsha temiryo‘l uchastkasidagi portlash ham bor.

Germaniya mudofaa vazirligi davlat kotibi Florian Xann Welt telekanaliga bergan intervyusida Yevropaga va alyansga shunday savolni o‘rtaga qo‘ydi: bu kabi gibrid hujumlarga yana qancha vaqt sabr qilish mumkin va faolroq harakat qilish kerakmi-yo‘qmi.

Politico yozishicha, gibrid hujumlar yangilik emas: so‘nggi yillarda Rossiya Buyuk Britaniyadagi siyosiy raqiblarni yo‘q qilmoqchi bo‘lgan qotillarni yuborgan, Markaziy Yevropadagi o‘q-dori omborlaridagi portlashlarda ayblangan, YeIni nochor ahvolga solish maqsadida o‘ta o‘ng partiyalarni moliyalashtirish, ijtimoiy tarmoqlardagi axborot kampaniyalari orqali Ruminiya va Moldova kabi davlatlardagi saylovlarga aralashishda gumon qilingan.

Biroq hozirgi hujumlar ko‘lami mislsiz darajada. Pragada joylashgan Globsec tahliliy markazi hisob-kitobiga ko‘ra, yanvardan iyulgacha Yevropada, asosan Polsha va Fransiyada yuzdan ortiq diversiya va hujum urinishlari qayd etilgan. Ular uchun Moskva bilan bog‘liq shaxslar javobgar sifatida ko‘rsatilmoqda.

Hozircha Yevropaning javobi mudofaa choralarini kuchaytirishdan iborat. Rossiya harbiy dronlari Polsha ustida urib tushirilganidan so‘ng, NATO alyansning sharqiy qanotida havo mudofaa tizimini mustahkamlash rejasini e’lon qildi. YeI bu yondashuvni qo‘llab-quvvatladi.

Shunga qaramay, bu kabi qadamlar Moskvada norozilik uyg‘otmoqda. Dmitriy Medvedev yevropaliklar “so‘yishga olib ketilayotgan hayvonlar to‘dasi kabi qo‘rqishi va titroqqa tushishi kerak”ligini aytib, ular “yaqin orada halok bo‘lishini kutgan holda dahshatga solinishi kerak”ligini bayon qildi.

Italiya mudofaa vaziri Gvido Krozetto o‘tgan hafta Yevropaning passivligini tanqid qilib, javob choralari bo‘yicha 125 sahifalik rejani taqdim etdi. Hujjatda gibrid urushga qarshi kurash bo‘yicha Yevropaning yagona markazini tashkil etish, 1,5 ming kishidan iborat kiberkuchlar tuzish, shuningdek sun’iy intellekt bo‘yicha ixtisoslashgan bo‘limlar tashkil qilish taklif etilgan.

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Rossiya YeI fuqarolariga qarshi gibrid urushni ochiqcha kuchaytirayotganini ta’kidlab, barcha davlatlar o‘z xavfsizlik tartib-qoidalarini qayta ko‘rib chiqishi kerakligini bildirdi.

Parijdagi GEODE tahliliy markazi direktori o‘rinbosari, professor Keven Limone qayd etishicha, Moskva va Bryussel o‘rtasidagi farqlar, jumladan, shundan iboratki, YeI o‘z harakatlarini qonun doirasida amalga oshirishga majbur. U savol qo‘ydi: huquqiy davlatlar Rossiya qo‘llayotgan o‘sha vositalar va strategiyalardan foydalanish imkoniga egami?

Germaniya va Ruminiya kabi ayrim davlatlar allaqachon aeroportlar va harbiy obektlar ustidagi dronlarni urib tushirishga doir qoidalarni qat’iylashtirmoqda. Milliy xavfsizlik xizmatlari ba’zan huquqiy “soya” zonasida harakat qilishga majbur bo‘lmoqda. Daniya va Chexiya kabi ayrim ittifoqchilar esa hujumkor kiberoperatsiyalarni istisno etmasligini allaqachon ochiq aytgan.

Bayba Brajyening aytishicha, ittifoqchilar hujumkor kiberoperatsiyalarda yanada faol bo‘lishi va xavfsizlik hamda razvedka xizmatlarining o‘zaro muvofiqlashuvini ta’minlagan holda vaziyatdan doimiy xabardorlikni oshirishi maqsadga muvofiq.

Amalda davlatlar Rossiya harbiy ishlab chiqarishi uchun muhim bo‘lgan tizimlarni – masalan, Tataristondagi dronlar ishlab chiqariladigan Alabuga iqtisodiy hududi, shuningdek energetika obektlari yoki qurol-yarog‘ tashiydigan poyezdlarni – kibervositalar orqali izdan chiqarishi mumkin, deb ta’kidladi gibrid tahdidlar bo‘yicha ekspert va siyosatshunos Filip Briika. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar mazkur tizimlar ishini jiddiy buzishi mumkin.

Shuningdek, Yevropa Rossiya mamlakat ichida olib borayotgan yirik dezinformatsiya kampaniyalariga qarshi qanday qilib samarali kurashish bo‘yicha ham yondashuvlar ishlab chiqishi kerak, deb hisoblaydi Briika.

Mavzuga oid