O‘zbekiston | 15:02 / 28.11.2025
1010
2 daqiqa o‘qiladi

Intellektual mulk sohasida tadbirkorlar reytingiga oid yangi tartib joriy etiladi

2026 yil 1 martdan tadbirkorlarning barqarorlik reytingida intellektual mulkka oid huquqbuzarliklar inobatga olinadi, tovar va xizmat ko‘rsatish belgilariga ega bo‘lgan subektlar esa qo‘shimcha ball bilan rag‘batlantiriladi. “Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi va har yili “Eng yaxshi ixtiro” kabi respublika tanlovi o‘tkaziladi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan quyidagi yangiliklar amalga kiritiladi:

  • tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda intellektual mulkka oid huquqbuzarliklar uchun sud tomonidan javobgarlik choralari qo‘llanganligi reyting ballarini kamaytiruvchi ko‘rsatkich hisoblanadi;
  • aksincha, tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilariga ega bo‘lish tadbirkor uchun qo‘shimcha ball beruvchi ko‘rsatkich sifatida inobatga olinadi;
  • intellektual mulk obektlariga doir muhofaza hujjatlari (guvohnoma, patent) dublikati to‘lov asosida onlayn shaklda beriladi.

Shuningdek, farmon bilan intellektual mulk sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassis va tashabbuskorlarni rag‘batlantirish maqsadida “Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Intellektual mulk obektlarini boshqarish bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi:

  • 2026-2027 o‘quv yilidan – O‘zbekiston milliy universitetida;
  • 2029-2030 o‘quv yiligacha – kamida yana 4 ta oliy ta’lim muassasasida.

Bundan tashqari, 2026 yildan boshlab har yili quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkazib boriladi:

  • “Eng yaxshi ixtiro”;
  • “Eng yaxshi foydali model”;
  • “Eng yaxshi sanoat namunasi”;
  • “Eng yaxshi EHM uchun dastur va ma’lumotlar bazasi”;
  • “Eng yaxshi seleksiya yutug‘i”.

Tanlovning har bir nominatsiyasi bo‘yicha:

  • 1-o‘rin g‘olibiga – BHMning 150 baravari;
  • 2-o‘rin g‘olibiga – BHMning 125 baravari;
  • 3-o‘rin g‘olibiga – BHMning 100 baravari miqdorida mukofot puli beriladi.

Mazkur chora-tadbirlar intellektual mulk sohasidagi huquqiy madaniyatni oshirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ixtirochilar va mualliflarni yanada faol innovatorlikka undashga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid