Jahon | 09:15 / 28.11.2025
4728
4 daqiqa o‘qiladi

Lavrov yana bir Rossiya delegatsiyasi tarkibidan chiqarildi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “g‘azabga duchor bo‘lgan” degan fikrlarni Vladimir Putin “safsata” deb atadi. Shunga qaramay, Lavrov navbatdagi yirik tadbirga ham bormasligi ma’lum bo‘ldi.

Foto: Natalya Shatoxina / NEWS.ru / Global Look Press

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2022 yildan beri ilk bor YeXHT tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etmaydi. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning 27 noyabr, payshanba kuni ma’lum qilishicha, 4–5 dekabr kunlari Venada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Rossiya delegatsiyasiga Lavrov emas, uning o‘rinbosari Aleksandr Grushko rahbarlik qiladi. Zaxarova nega delegatsiya boshlig‘i o‘zgargani sabablarini aytmadi.

Bundan oldin Sergey Lavrov “katta yigirmatalik” (G20) sammitida Rossiya delegatsiyasi rahbari maqomini yo‘qotgan edi. Bu forumga Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kreml ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkinni yubordi. Lavrov Malayziyadagi ASEAN sammitiga ham bormadi – u yerga Rossiyadan bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Overchuk jo‘natildi.

Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina bo‘yicha Budapeshtda rejalashtirilgan sammitni bekor qilganidan so‘ng Lavrov yirik xalqaro tadbirlarda deyarli ko‘rinmay qo‘ydi. Shundan keyin AQSh “Rosneft” va “Lukoyl” kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi — bu Trampning Oq uyga qaytganidan beri Rossiyaga qarshi ilk bevosita cheklovlar edi.

Budapeshtdagi yuqori darajadagi uchrashuv 20 oktyabr kuni Lavrovning AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali suhbatidan so‘ng bekor qilingan. O‘sha suhbatda sammit shartlari muhokama qilingan edi. Agentlik suhbatdoshlarining aytishicha, Tramp muzokaralardan voz kechishga aynan Rubio tavsiyasiga ko‘ra qaror qilgan: Lavrov go‘yoki Ukraina masalasida ultimativ talablar qo‘ygan.

Shundan beri, Lavrovning o‘zi tan olganidek, AQSh davlat kotibi u bilan boshqa bog‘lanmagan. Rossiya tashqi siyosat idorasi rahbari shuningdek 5 noyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi majlisida ham qatnashmadi — o‘shanda ehtimoliy yadroviy sinovlar muhokama qilingan edi. 12 noyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Rossiya–Qozog‘iston muzokaralarida ham u ishtirok etmadi.

Shu bilan birga, Vladimir Putin Tramp bilan sammit bekor bo‘lganidan keyin Sergey Lavrov “g‘azabga uchragani” haqidagi da’volarni keskin rad etdi.

“Qandaydir yolg‘on narsa. Lavrov hech qanday g‘azabga uchragani yo‘q. Uning o‘z ish jadvali bor. U menga hisobot berdi, qayerda, qachon, nima bilan shug‘ullanishini aytadi. Shunga muvofiq ishlayapti. U amerikalik hamkorlar bilan uchrashuvga tayyorlanyapti”, — dedi Putin 27 noyabr kuni Bishkekka qilgan tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bundan oldin “Lavrov bilan hammasi joyida” ekanini aytgan edi. TIV rahbarining o‘zi esa sammit bekor qilinishiga “parda ortidan berilayotgan ma’lumotlar” sabab bo‘lganini, go‘yoki Trampga shunday maxfiy axborot yetkazilganini aytdi va bu ma’lumotlar “qaydan va kimdan kelganini” bilmasligini ta’kidladi.

Mavzuga oid