O‘zbekiston | 21:41 / 28.11.2025
11331
3 daqiqa o‘qiladi

Nega O‘zbekiston poyezdlariga chipta narxi qimmat?

Kun.uz bilan suhbatlashgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetovga ko‘ra, kompaniya hali-hanuz chiptalarni zarariga sotadi. Ya’ni, qilingan xarajatdan kam miqdorda narx belgilanmoqda. Masalan, «Afrosiyob» poyezdlarining chiptasi hozirgi qilgan xarajatimiz holatida mavjud narxdan ikki baravar qimmat chiqadi, deydi u. Lekin narx oshganiga yarasha servis sifati ham yaxshilanib borishi kerak.

Foto: Transport vazirligi

O‘zbekistonda aholi hali-hanuz bitta temiryo‘llar kompaniyasining xizmatlaridan foydalanib keladi. Yuridik nuqtayi nazaridan, kompaniya o‘z ichida turli korxonalarga bo‘lingan va og‘izda “monopoliyani allaqachon sindirgan”.

Kun.uz bilan gaplashgan iste’molchilar doimiy ravishda yo‘nalishlar bo‘ylab belgilangan va yildan yilga qimmatlayotgan narxlardan noroziligini aytadi. Biroq tahririyatning savollariga javob bergan mutaxassislar olingan kredit va ishlatilayotgan xarajatlar sabab chipta narxi qimmatligini aytgandi.

Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov esa chiptalar haliyam zarariga sotilayotgani, aslida esa narxlar bundan ikki baravar qimmat chiqishini aytdi.

Narx nimadan kelib chiqadi? Narx xarajatdan kelib chiqadi, avvalambor. Lekin bugungi kunda O‘zbekiston temiryo‘llari xarajatidan arzon biletlarni sotyapti. Ya’ni biz 1 so‘m xarajat qilayotgan bo‘lsak, bugungi kunda 50 tiyinga shu biletni sotyapmiz. Afrosiyob ham, boshqa poyezdlar ham”, deydi u.

Hikmatulla Rahmetov

So‘zining davomida rais o‘rinbosari O‘zbekistondagi biletlar Xitoynikidan arzonligini qo‘shimcha qildi.

Agar siz Xitoyda bugun VIP olsangiz, 400 dollarga borasiz va ichida ovqat ham bermaydi. Germaniyada, mayli, men Germaniyani gapirmay, ularning ichki yalpi mahsulotlari juda ham baland. Lekin Xitoyni, misol uchun, agar odam boshiga hisoblaydigan bo‘lsangiz ichki yalpi mahsulotni, biznikiga iqtisodi, oyliklari yaqinroq O‘zbekistonga. Xitoy Xalq Respublikasining oyliklari bizga yaqinroq-da, ozgina. Rossiyaniki ham bizdan baland, Xitoyniki ham bizdan baland. Men bizdan arzon davlatni menga aytib beringlar”, deydi Rahmetov.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent-Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikda yuruvchi poyezd yo‘li quriladi, so‘ngra u Buxorogacha uzaytiriladi.

Biz hozir Toshkentdan Samarqandga alohida, yuqori tezlikda yuradigan poyezdning yo‘lini qurishning texnik-iqtisodiy asosini boshladik. Texnik-iqtisodiy, nima deydi, asosini boshladik, Toshkentdan Samarqandgacha. Tezlik — 300 km. Yakunlayapmiz, boshlamadik, yakunlayapmiz. Ana o‘sha yakunlangandan keyin albatta biz Toshkent-Samarqand alohida tezyurar, yuqori tezlikda yuradigan yo‘lini quramiz. Davlatimiz uchun oson emas bu. Albatta quramiz. U bitgandan keyin Samarqanddan Buxoroga quramiz”, deya ta’kidlaydi rais o‘rinbosari.

Mavzuga oid