O‘zbekiston | 18:19 / 28.11.2025
1615
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Xalqaro metrik konvensiyaga rasman qo‘shildi

Konvensiyaga qo‘shilish hamkorlar, investorlar va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston tovarlari, xizmatlari va sertifikatlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

Foto: Shutterstock

«Xalqaro metrik Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida»gi Qonun qabul qilindi. Natijada O‘zbekiston 1875 yilda imzolangan Xalqaro metrik konvensiyaga (XMK) qo‘shildi, bu esa mamlakat uchun metrologiya, fan va xalqaro savdo sohasida yangi imkoniyatlar ochadi.

Endi O‘zbekiston Xalqaro og‘irlik va o‘lchovlar byurosi (BIPM) faoliyatida ishtirok etish va boshqa davlatlar bilan birgalikda o‘lchov standartlarini kelishish huquqini qo‘lga kiritadi.

Milliy o‘lchov etalonlari (massa, uzunlik, harorat, vaqt va boshqalar) xalqaro o‘lchovlar bilan rasman bog‘liq bo‘ladi - bu mamlakat ichkarisida va tashqarisida o‘lchovlarga bo‘lgan ishonchni oshiradi.

Kalibrlash va metrologik nazorat tartib-taomillari soddalashtiriladi: O‘zbekistonda olingan natijalar barcha ishtirokchi mamlakatlarda tan olinadi, bu sanoat, eksport, mahsulot sifati va standartlar uchun muhimdir.

Bu O‘zbekiston uchun nega muhim? Bu global iqtisodiy va savdo jarayonlariga integratsiyalashuv sari qadam - muvofiqlashtirilgan o‘lchov tizimi eksport-importdagi texnik to‘siqlarni kamaytiradi.

Ilmiy-texnik salohiyat kuchaytiriladi: mahalliy laboratoriyalar va ishlab chiqarishlar xalqaro standartlar asosida ishlay oladi, bu esa sifat va raqobatbardoshlikni oshiradi.

Konvensiyaga qo‘shilish hamkorlar, investorlar va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston tovarlari, xizmatlari va sertifikatlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

Mavzuga oid