Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp «uchinchi dunyo mamlakatlaridan» migratsiyani doimiy ravishda to‘xtatmoqchi
Oq uy ma’muriyati Vashingtondagi otishmadan so‘ng AQSh migratsiya siyosatini qattiqlashtirmoqda. Xususan, Tramp – «osoyishtalikka putur yetkazadigan» migrantlarni fuqarolikdan mahrum qilish va «G‘arb sivilizatsiyasiga mos bo‘lmagan» xorijliklarni deport qilishini aytdi. Bundan tashqari, Bayden davrida 19 davlat fuqarolariga berilgan «Green card»lar qayta ko‘rib chiqiladi.
Foto: Reuters
27 noyabr AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z ma’muriyati «barcha Uchinchi dunyo mamlakatlaridan» migratsiyani doimiy ravishda to‘xtatishini aytdi. Bu bayonot Oq uy yaqinidagi hujumdan so‘ng yangramoqda.
Tramp – qaysi davlatlarni nazarda tutganini, «Uchinchi dunyo mamlakatlari» yoki «doimiy to‘xtatish» iboralari nimani anglatishini tushuntirmadi, deb yozmoqda Reuters.
«Men AQSh tizimi to‘liq tiklanishi uchun barcha uchinchi dunyo mamlakatlaridan migratsiyani doimiy ravishda to‘xtataman. Bayden tomonidan imzolangan millionlab noqonuniy kirishlarni bekor qilaman, jumladan ‘Uyqudagi Jo Baydenning avtopeniʼ bilan tasdiqlanganlarini ham. Shuningdek, AQShga foyda keltirmaydigan har qanday kishini chiqarib yuboraman,» — dedi Tramp Truth Social'dagi postida.

Bundan tashqari, Tramp AQSh fuqarosi bo‘lmagan shaxslarga barcha federal imtiyozlar va subsidiyalarni tugatishini aytdi. Shuningdek, u «ichki osoyishtalikka putur yetkazadigan migrantlarni fuqarolikdan mahrum qilishini» va «xavfsizlikka tahdid yoki «G‘arb sivilizatsiyasiga mos bo‘lmagan» xorijiy fuqarolarni AQShdan deportatsiya qilishini bildirdi.
Oq uy va AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati Trampning tahdidlari bo‘yicha OAV so‘rovga hozircha izoh bermagan.
Avvalroq, AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi (Homeland Security) rasmiylari Bayden davrida tasdiqlangan barcha boshpana ishlari va 19 davlat fuqarolariga berilgan «Green card»larni keng ko‘lamda qayta ko‘rib chiqishi aytgan. Bu buyruq ham Trampdan kelgan.
CNN nashri «tashvish uyg‘otuvchi davlatlar» sifatida ko‘rilayotgan 19 ta davlatlar qaysilar ekanini so‘ragan. AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati esa CNN'ga, iyun oyidagi prezident farmonida keltirilgan 19 davlatga ishora qildi.
Bu 19 davlat quyidagilarni o‘z ichiga oladi: Afg‘oniston, Birma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan, Yaman, Burundi, Kuba, Laos, Sierra-Leon, Togo, Turkmaniston va Venesuela.
Fuqarolik va immigratsiya xizmati keyinroq bayonot berib, mazkur 19 davlatdan kelayotgan muhojirlarni tekshirishda endi «salbiy, mamlakatga xos omillar» ham inobatga olinishini aytdi. Bu omillarga, xususan, mamlakatning «shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni xavfsiz chiqarish qobiliyati» kiradi.
Vashingtondagi otishma va migratsiya siyosatidagi o‘zgarishlar
AQSh migratsiya siyosatidagi keskin o‘zgarishlar va Trampning bayonoti Oq uy yaqinida Milliy gvardiyaning ikki askari otib ketilishi ortidan paydo bo‘ldi.
Tergovchilar hujumni qochqin maqomini olgan Afg‘oniston fuqarosi sodir etganini aytmoqda. Lekin ushbu gumonlanuvchi Tramp ma’muriyati davrida, 2025 yil aprel oyida boshpana olgan.
Xususan, 29 yoshli Rahmonulloh Lakanval 2021 yilda AQShga ko‘chirish dasturi orqali kirgandi. Bu dastur 2021 yil avgustida AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketishi va Afg‘oniston hukumati tezda qulashidan so‘ng Bayden tomonidan tashkil qilingan.
Tramp alohida postida Afg‘onistonda amalga oshirilgan «mudhish» evakuatsiya paytida yuz minglab odamlar AQShga «mutlaqo tekshirilmasdan va nazoratsiz» kirib kelganini ham da’vo qildi.
AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati chorshanba kuni, otishmadan so‘ng afg‘on fuqarolariga oid barcha immigratsiya arizalarini noma’lum muddatga to‘xtatganini ma’lum qildi.
Amerikalik harbiyning AQSh hududida – muhojir tomonidan o‘ldirilishi mamlakat siyosiy manzarasiga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Izoh: «Uchinchi dunyo» atamasi aslida iqtisodiy emas, siyosiy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy tushuncha bo‘lgan. Dastlab «uchinchi dunyo» deganda NATO yoki sovet blokiga kirmagan davlatlar tushunilgan.
Ammo vaqt o‘tishi bilan, kundalik siyosiy va ommaviy nutqlarda «uchinchi dunyo davlatlari» degan ibora — «kambag‘al davlatlar» yoki «past daromadli davlatlar» ma’nosida qo‘llanishi boshlangan. Lekin BMT, Jahon banki yoki AQSh hukumati tomonidan «uchinchi dunyo mamlakatlari» degan rasmiy tasnif mavjud emas.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
07:38