Jahon | 08:50 / 28.11.2025
4048
5 daqiqa o‘qiladi

Yermak: Zelenskiy prezident ekan, Ukraina Rossiyaga hech qanday hududni bermaydi

Volodimir Zelenskiy Ukraina prezidenti bo‘lib qolar ekan, mamlakat Rossiyaga hech qanday hududni bermaydi, dedi Andrey Yermak.

Foto: AP

Kiyev Ukraina sharqida Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan voz kechish niyatida emas, chunki buni mamlakat Konstitutsiyasi taqiqlaydi. Hozircha faqat to‘qnashuv chizig‘ini belgilash haqida gapirish mumkin, dedi Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak The Atlantic nashriga bergan intervyusida. Mazkur suhbat payshanba, 27 noyabr kuni e’lon qilindi.

«Shu kunlarda biror aqlli odam hududdan voz kechish haqida hujjatni imzolamaydi», — deya Yermakning so‘zlarini keltiradi nashr. Uning ta’kidlashicha, Volodimir Zelenskiy Ukraina prezidenti bo‘lib turgan ekan, Kiyev Rossiyaga okkupatsiya qilingan hududlarni berishiga «hech kim umid qilmasligi» kerak. «Konstitutsiya bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ukraina Konstitutsiyasiga va Ukraina xalqining irodasiga qarshi chiqmoqchi bo‘lmagan har qanday shaxs bunday qaror qabul qila olmaydi», — deb ta’kidladi u.

Yermakning aytishicha, agar “hududiy masala” haqida gapiradigan bo‘lsa, Ukraina faqat urush qilayotgan tomonlar nazoratida bo‘lgan hududlarning chegarasini belgilaydigan chiziq qayerdan o‘tishi kerakligi yuzasidan mulohaza qilishga tayyor. «Hozir real ravishda gapira oladigan yagona narsa — bu to‘qnashuv chizig‘ini belgilash. Biz qilishimiz kerak bo‘lgan ish shu», — dedi u.

Xuddi shu kuni Yermak o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida AQSh va Ukraina delegatsiyalari hafta oxirida Jyenevada boshlangan shu atalmish “Tramp rejasi”ni muhokama etishni davom ettirishini ma’lum qildi. Buni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham 27 noyabr kechqurun e’lon qilingan navbatdagi videomurojaatida tasdiqladi. Shu bilan birga, Zelenskiy ta’kidlashicha, Ukraina uchun eng muhimi — Ukraina Qurolli Kuchlari pozitsiyalarini himoya qilish va oldingi chiziqda qarshilik ko‘rsatishdir.

The Atlantic jurnalisti Saymon Shuster yozishicha, Yermak birinchi marta ochiq aytgan ushbu pozitsiya Ukraina delegatsiyasining keyingi muzokaralarda kelishuvga erishish imkoniyatlarini keskin cheklab qo‘yadi.

Shu vaqtga qadar Moskva Kiyevdan Ukraina Qurolli Kuchlari to‘liq bosib olinmagan Donbass qismidan ham chiqib ketishini talab qilishdan voz kechishga tayyorligini namoyon etmagan edi. Rossiya qo‘shinlari to‘liq bosib ololmagan hududdan ukrain armiyasi ketishi haqidagi ushbu talablarni Vladimir Putin 27 noyabr kuni yana takrorladi. «Ukraina qo‘shinlari ular egallab turgan hududlardan chiqib ketsin — ana shunda urush harakatlari to‘xtaydi. Agar chiqmasa — biz buni qurolli yo‘l bilan amalga oshirishga erishamiz», — dedi RF prezidenti Qirg‘izistonga qilgan tashrifi davomida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Shu bilan birga, Putin dekabr boshida Moskvaga AQSh delegatsiyasi kelishini, u yerda “Tramp rejasi”ning yangidan tahrirlangan versiyasini Rossiya tomoniga taqdim etishini tasdiqladi. Rossiya vakillari esa oldinroq mazkur hujjat asosida Kiyevga maksimalistik talablar qo‘yilganini, shu bois unga har qanday o‘zgarishlarni qabul qilmasligini aytgan edi.

Yevroparlament qabul qilgan “YeIning taklif etilgan rejaga pozitsiyasi va Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishishda YeIning ishtiroki” nomli rezolyutsiyada ta’kidlanishicha, Ukraina borasidagi har qanday tinchlik muzokaralarining asosida xalqaro huquq va Ukraina hamda butun Yevropaning xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan tinchlik strategiyasi yotishi kerak.

Shu bilan birga, yevrodeputatlar AQShning Ukrainaga nisbatan “ikki ma’noli siyosat”ini tanqid qilib, bu “barqaror tinchlikka erishishga to‘sqinlik qilayotgani”ni qayd etdi. «Tinchlik agressorga imtiyozlar berish orqali emas, balki Ukrainaga qat’iy va muntazam qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatish va kelajakda Rossiyaning yana agressiya qilishidan tiyilishi uchun yetarli darajada to‘sqinlik o‘rnatish orqali erishiladi», — deyiladi rezolyutsiyada.

Bundan tashqari, Yevroparlament fikricha, har qanday tinchlik kelishuvi Rossiyani Ukrainaga to‘liq moddiy va nomoddiy zararni qoplashga majbur qilishi kerak. Shuningdek, hujjat Rossiya va uning ittifoqchilarining Ukrainaga nisbatan sodir etgan agressiya jinoyati va harbiy jinoyatlar uchun Xalqaro jinoiy sud hamda agressiya jinoyati bo‘yicha maxsus tribunal oldida to‘liq javobgarligini kafolatlashi lozim, deb hisoblaydi yevrodeputatlar.

Mavzuga oid