Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Human Righs Watch Rossiyada "nomaqbul tashkilot" deb e’lon qilindi
Rossiya adliya vazirligi xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti Human Righs Watch’ni "faoliyati nomaqbul tashkilotlar" ro‘yxatiga kiritdi. "Chet el agenti" deb e’lon qilinganlar orasida Doxa nashri va Rossiya prezidenti ma’muriyati sobiq rahbar o‘rinbosari Yevgeniy Savostyanov ham bor.
Rossiya adliya vazirligi juma kuni, 28 noyabrda, Human Righs Watch (HRW) huquqni himoya qilish xalqaro tashkilotini o‘zining "faoliyati nomaqbul tashkilotlar" ro‘yxatiga kiritdi. U 1978 yildan beri faoliyat yuritadi va 70 dan ortiq davlatda inson huquqlari buzilishi holatlarini monitoring qiladi.
2022 yilda, Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosdagi urushi boshlangach, HRW sayti Rossiya harbiy agressiyasining borishi haqida, go‘yoki, "ishonchsiz" ma’lumotlar joylashtirilgani bahonasi bilan Bosh prokuratura talabi asosida Roskomnadzor tomonidan bloklangan edi.
2025 yil yanvar oyida HRW o‘z hisobotida Rossiya rasmiylari o‘zgacha fikrlovchilarni ta’qib qilishni kuchaytirgani, fuqarolardan urushni qo‘llab-quvvatlashni talab qilayotgani va yangi repressiv qonunlar qabul qilayotganini qayd etgan.
"Faoliyati nomaqbul" tashkilotlarga Rossiya hududida faoliyat yuritish taqiqlanadi, ular bilan hamkorlik qilish va materiallarini tarqatish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik mavjud. Bunday tashkilotlar uchun mablag‘ to‘plash yoki ularning faoliyatini moliyalashtirish besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, o‘n yilgacha muayyan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilinishiga olib kelishi mumkin.
Rossiya adliya vazirligi o‘zining "chet el agentlari" ro‘yxatini ham yangiladi. Unga Rossiya prezidenti ma’muriyati sobiq rahbar o‘rinbosari Yevgeniy Savostyanov, jurnalist Aygul Gimranova-Lion, jamoat arbobi Anzor Masxadov (Checheniston sobiq prezidenti Aslan Masxadovning o‘g‘li), shuningdek yozuvchi va shoir Vasilina Orlova kiritildi.
Bundan tashqari, 2017 yilda talabalar jurnali sifatida ish boshlagan Doxa onlayn-axborot nashri ham "chet el agenti" deb e’lon qilindi. 2024 yil yanvar oyida u Rossiyada "faoliyati nomaqbul tashkilot" deb tan olingan edi. Nashrning sobiq muharrirlari Rossiyada ta’qiblarga uchragan va mamlakatni tark etgan.
Avgust oyida Rossiya adliya vazirligi Bosh prokuratura qaroriga ko‘ra "Chegara bilmas muxbirlar" (RSF) xalqaro nodavlat tashkilotini ham "faoliyati nomaqbul" deb e’lon qildi. 1985 yilda tashkil etilgan ushbu tuzilma so‘z erkinligini, jurnalistlar va OAV xodimlari huquqlarini himoya qilish, shuningdek, butun dunyoda senzuraga qarshi kurashish bilan shug‘ullanadi.
"Chegara bilmas muxbirlar" har yili dunyoda matbuot erkinligi indeksini e’lon qiladi. 2025 yilda Rossiya unda 180 davlat orasida 171-o‘rinni egallab, o‘tgan yilga nisbatan yana to‘qqiz pog‘ona pastga tushgan.