O‘zbekiston | 15:31 / 29.11.2025
3972
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo vohasida 2300 yillik qal’a-shahar qoldiqlari topildi

O‘zbekistonlik arxeologlar Qashqadaryo vohasida 2300 yildan ko‘proq vaqt oldin mavjud bo‘lgan qal’a-shahar qoldiqlarini aniqladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, mahalliy aholi “Boburtepa” deb atab kelgan ushbu maskan qariyb ming yil davomida aholi yashagan yirik shahar sifatida faoliyat yuritgan.

Foto: Samarqand instituti

Ukrainaning nufuzli The New Voice nashri yozishicha, shahar 6 gektar (14,8 akr) maydonni egallagan bo‘lib, ehtimol, Buxoro va Xorazmni bog‘lab turuvchi muhim savdo markazi vazifasini bajargan.

Ikki yil davomida arxeologlar uchta sektorda qazish ishlarini amalga oshirib, mustahkamlash inshootlari – qal’a, qo‘riqlash postlari va mudofaa devorlari qoldiqlarini topdilar. Loyiha rahbari Sanjar Abdurahimov ma’lum qilishicha, shaharning markaziy qismi, ehtimol, saroy yoki marosim zali bo‘lgan. Bu yerda keng xona, unga tutash xonalar, shuningdek, o‘sha davr badiiy an’analaridan dalolat beruvchi yorqin devoriy suratlar (freskalar) parchalari topilgan.

Tadqiqotlar shahar hunarmandchilik ishlab chiqarish markazi bo‘lganini ham ko‘rsatmoqda. Arxeologlar kulolchilik ustaxonalari, toshga ishlov berish joylari, katta hajmli saqlash idishlari va ko‘plab sopol buyumlarini aniqlagan.

Maqolada ta’kidlanishicha, bu kashfiyot Qashqadaryo vohasida arxeologik faollik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. 2025 yil davomida tadqiqotchilar 100 dan ortiq avval hujjatlashtirilmagan arxeologik yodgorliklarni ro‘yxatga olgan. Samarqand instituti ushbu qazish ishlarini uzoq muddatli loyiha sifatida davom ettirishni rejalashtirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid