Jahon | 11:55 / 29.11.2025
3397
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya janubidagi yirik NQZda dron zarbasidan keyin yong‘in boshlandi

Krasnodar yaqinida joylashgan neftni qayta ishlash zavodi yana dronlar hujumiga uchradi. Korxonada yong‘in kelib chiqdi.

Foto: Wolfgang Schwan/AA/picture alliance

Krasnodar o‘lkasining Severskiy tumanida joylashgan Afip neftni qayta ishlash zavodi hududida uchuvchisiz uchoqlar hujumidan so‘ng yong‘in boshlandi. Zavodga uyushtirilgan zarbalar to‘g‘risidagi xabarlar shanbaga o‘tar kechasi, 29 noyabrda kelib tushdi va Kuban operativ shtabi tomonidan tasdiqlandi.

RBK-Ukraina nashri Telegram’dagi Exilenova+ kanaliga tayanib, NQZ hududida sodir bo‘lgan deb taxmin qilinayotgan portlash lahzasi va uzoqdan ham ko‘rinib turgan yong‘in aks etgan videoni e’lon qildi.

Krasnodar o‘lkasi operativ shtabi NQZda yong‘in chiqqanini tasdiqlar ekan, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in maydoni taxminan 100 kv metrni tashkil etganini ma’lum qildi. «Zavod hududidagi ayrim texnik jihozlar zarar ko‘rgan, rezervuarlarga zarar yetmagan», — deyilgan shtab bayonotida.

Keyingi xabarda yong‘in maydoniga oid ma’lumotlar aniqlashtirildi: unda aytilishicha, yong‘inni o‘chirishga 100 dan ortiq kishi va 35 ta texnika jalb etilgan, shundan so‘ng yong‘in «250 kv metr maydonda o‘rab olingan». Operativ shtab NQZda portlash bo‘lgani haqida so‘z ochmagan.

Operativ markaz ma’lumotlariga ko‘ra, urib tushirilgan dronlardan biri parchalari Afipskiy qishlog‘idagi qishloq xo‘jaligi korxonasi hududiga ham tushgan. Shu bilan birga, na NQZdagi yong‘in, na qishloq xo‘jaligi korxonasida biror kishi jabrlanmagan.

Hujumga uchragan ushbu neftni qayta ishlash zavodi RF Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosdagi hujum boshlaganidan beri bir necha bor ukrain dronlari nishoniga aylangan. Masalan, 2025 yil sentabr oyi oxirida navbatdagi shunday hujum natijasida zavoddagi quvurlardan biri zarar ko‘rgan edi.

Qator ukrain OAVda Afip NQZ Rossiyadagi eng yirik zavodlardan biri ekani haqidagi ma’lumotlar tarqalgan. Aslida esa u mamlakatdagi eng yirik o‘nta NQZ qatoriga kirmaydi. Shunga qaramay, 2025 yilda amalga oshirilgan rekonstruksiyadan so‘ng Afip NQZ Rossiya janubidagi eng yirik korxonalardan biriga aylangan, uning yillik quvvati 9,1 mln tonna neftni tashkil etmoqda.

Taqqoslash uchun: ochiq manbalarga ko‘ra, Rossiyadagi eng yirik NQZ — Omsk neftni qayta ishlash zavodi quvvati taxminan yiliga 22 mln tonna neftni tashkil qiladi. Undan keyin Leningrad viloyatidagi “Kirishinefteorgsintez” (yiliga taxminan 21 mln tonna neft) va Ryazan neftni qayta ishlash kompaniyasi (yiliga taxminan 17,1 mln tonna neft) keladi. Bu korxonalar ham avvalroq dronlar hujumiga uchragan. Masalan, Ryazan NQZ navbatdagi muvaffaqiyatli dron hujumidan so‘ng noyabr o‘rtalarida ishini to‘xtatgan. RFdagi boshqa bir qator NQZ faoliyatini to‘xtatgani haqida ham ma’lumotlar bor.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Rossiya NQZga uyushtirilayotgan hujumlar haqida fikr bildirgandi. Unga ko‘ra, bu zarbalar nafaqat rus qo‘shinlarini yonilg‘i bilan ta’minlashga, balki urush olib borayotgan Rossiya budjetiga ham jiddiy zarar yetkazadi. Zelenskiy Ukraina tomonidan Rossiya energetika infratuzilmasiga nisbatan amalga oshirilayotgan zarbalar Vashington tomonidan ma’qullanganini ham ta’kidlagan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil avgust oyida Ukraina QK Rossiya «neft sanoati» obektlariga zarbalarni kuchaytirgan bir paytda, RFdagi NQZning umumiy quvvati 17 foizga qisqarib, kuniga taxminan 1,1 mln barrelga tushgan, benzin ishlab chiqarish hajmi esa taxminan 10 foizga kamaygan. Shu fonda mamlakatda 300 dan ortiq yonilg‘i quyish shoxobchalari yopilgan va qator mintaqalarda aholiga yonilg‘i sotish bo‘yicha cheklovlar joriy etilgan.

Mavzuga oid