Jamiyat | 08:40 / 01.12.2025
1779
2 daqiqa o‘qiladi

Kurerlik jo‘natmalari orqali yuborilgan 1 kgga yaqin “gashish” fosh qilindi

Bojxona organlari va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbir natijasida xorijdan kurerlik jo‘natmalari orqali yuborilgan 1 kilogrammga yaqin “gashish” giyohvandlik vositasi olib kirishga urinish fosh etildi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi, “Toshkent-AERO” IBK tezkor tuzilmalari va “Elektron tijorat” bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki holat aniqlandi.

Tekshiruv jarayonida xorijdan kelgan jo‘natmalardan birining ichida 414 gramm, yana birida esa 490,5 gramm og‘irlikdagi “gashish” giyohvandlik vositasi borligi fosh qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, har ikkala holatda ham giyohvandlik vositasi internetdagi narkodo‘konlardan birining kuratori, hozirda Tailandda istiqomat qilayotgan 32 yoshli fuqaro tomonidan yuborilgan.

Ma’lumot o‘rnida, “Elektron tijorat” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari 2023–2025 yillar davomida xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali 14 kgga yaqin giyohvandlik vositalari, 150 kgdan ziyod psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni olib o‘tishga urinish bilan bog‘liq 73 ta holatga chek qo‘ygan.

Tegishli tartibda protsessual harakatlar olib borilmoqda.

Mavzuga oid