Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘iston va Turkiya dengiz dronlari hujumi bo‘yicha Kiyevga norozilik bildirdi
Ukraina o‘tgan haftada Qora dengizdagi Rossiyaning neft tankerlari va terminaliga dronlar yordamida hujum uyushtirdi. Natijada Qozog‘iston neftining asosiy eksportchisi – “Kaspiy quvuri konsorsiumi”ning Novorossiysk terminali faoliyati to‘xtab qoldi. Rasmiy Ostona Kiyevdan bunday hujumlarni to‘xtatishni so‘radi.
Foto: Kaspiy quvuri konsorsiumi
Turkiya va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirliklari shu hafta boshida Ukrainaning Qora dengizdagi nishonlarga bergan dron zarbalari borasida izoh berdi. Jumladan, Qozog‘iston Rossiyaning Novorossiysk shahridagi neft quvuri terminaliga qilingan dron zarbalari borasida Ukrainaga rasmiy norozilik notasini yubordi.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Kaspiy quvuri konsorsiumining (KQK) Novorossiysk terminaliga berilgan zarba – «xalqaro huquq normalari bilan kafolatlangan, butunlay fuqaroviy obektga qilingan uchinchi tajovuz harakati» hisoblanadi. Chunki «quvur global energetika tizimlari barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega».
«Biz sodir bo‘lgan voqeani Qozog‘iston Respublikasi va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazuvchi harakat deb hisoblaymiz. Ukraina tomonidan kelgusida bunday hodisalarning oldini olish uchun samarali choralar ko‘rilishini kutamiz», deyiladi Qozog‘iston TIV bayonotida.
Ukraina esa uning harakatlari Qozog‘istonga yoki uchinchi tomonlarga qaratilmaganini, balki «Rossiyaning to‘liq ko‘lamli tajovuziga» qarshi mudofaa ekanini bildirdi. «Ukraina tajovuzkorga zarba beradi», — dedi Ukraina tashqi ishlar vazirligi.
29 noyabr kuni Ukrainaning dengiz dronlari Rossiyaning Novorossiysk shahridagi Kaspiy quvur konsorsium obektiga hujum qildi. Natijada terminalidagi shvartov qurilmasi katta zarar ko‘rganidan so‘ng operatsiyalar to‘xtatildi.
Reutersʼning yozishicha, Rossiya, Qozog‘iston, AQSh va Yevropa hamkorligida boshqariladigan Kaspiy quvur konsorsiumi global neft hajmining 1 foizidan ko‘prog‘ini qayta ishlaydi. Shuningdek, Qozog‘iston neft eksportining asosiy qismi aynan shu tarmoq orqali amalga oshiriladi.

KQKning asosiy ta’minotchilari Qozog‘iston konlari bo‘lsa-da, u Rossiya ishlab chiqaruvchilarining neftini ham qabul qiladi. Xususan, uzunligi 1 500 km bo‘lgan Kaspiy quvuri tarkibida Rossiya, Qozog‘istonning davlat korxonasi «KazMunayGas», shuningdek, Chevron, Lukoil va ExxonMobil kompaniyalari aksiyador sifatida ishtirok etadi.
Turkiyaning noroziligi
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi esa Kairos va Virat neft tankerlariga qilingan Ukraina zarbalari borasida munosabat berdi. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, bu zarbalar mintaqada «kema qatnovi, inson hayoti, mulk va atrof-muhit xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirgan» va Turkiyaning Qora dengiz bo‘yidagi eksklyuziv iqtisodiy hududida sodir bo‘lgan.
«Biz urushning Qora dengiz bo‘ylab kengayishi va chuqurlashuvining oldini olish, shuningdek, mamlakatimizning mintaqadagi iqtisodiy manfaatlari va faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tegishli tomonlar bilan aloqalarni davom ettiryapmiz», deyiladi bayonotda.

28 noyabr kuni Bosfor yaqinida Rossiyaning «soya flotiga» tegishli ikki bo‘sh tanker dron zarbalariga uchragan edi. Hujum natijasida ikkala kemada ham yirik yong‘in kelib chiqqan, ekipajlar esa evakuatsiya qilingan. Shanba kuni Ukrainaning Xavfsizlik xizmati zarbalar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.
Rossiya ichkarisiga hujumlar
Ukraina bu yil – urushning muhim daromad manbasini zaiflashtirish maqsadida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari va xom neft terminallariga hujumlar to‘lqini uyushtirib kelmoqda.
Ukraina Rossiyaning ichkarisidagi infratuzilmaga qilayotgan hujumlarini o‘zining mavjudligi uchun kurashayotganini, qish oldidan ukrainlarning energetika sektori nishonga olinishiga qarshi javob chorasi deb izohlaydi.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi esa Ukrainaning bunday hujumlarini «terrorizm aktlari» deb ataydi. Rossiyalik rasmiylarning aytishicha, Yevropa davlatlari Rossiyaga qarshi gibrid urush olib bormoqda: bu jarayonga G‘arb razvedka xizmatlarining Rossiya ichidagi infratuzilmani nishonga olishda Kiyevga ko‘magi ham kiradi.
Mavzuga oid
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
21:45 / 04.12.2025