Jahon | 14:08 / 01.12.2025
3086
3 daqiqa o‘qiladi

Rim papasi: Falastin davlatini tuzish - yagona yechim

Rim papasi Lev XIV Falastin-Isroil mojarosining "yagona yechimi" sifatida Falastin davlatini tuzish va uni tan olishni keltirdi. Vatikan esa Falastinni davlat sifatida allaqachon 2015 yilda, taxtni Fransisk egallab turgan paytdayoq tan olgan edi.

Foto: Domenico Stinellis/AP

Rim papasi Lev XIV ko‘p yillik Falastin-Isroil mojarosining "yagona yechimi" sifatida Falastin davlatini tuzish va uni tan olishni keltirdi. Ushbu bayonotni u yakshanba kuni, 30 noyabrda, Turkiyadan Livanga parvoz vaqtida berdi.

"Hozirgi paytda Isroil hanuzgacha bu qarorni qabul qilmayotganini hammamiz bilamiz, ammo biz uni yagona yechim, deb hisoblaymiz. Biz, shuningdek, Isroil bilan ham do‘stmiz va ikki tomon o‘rtasida ularning barchasi uchun adolatli bo‘ladigan yechimga yaqinlashishiga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan vositachiga aylanishga intilamiz", — deb keltiradi Reuters agentligi Lev XIVning turk jurnalisti savoliga javobini.

27 noyabrda boshlangan Turkiyaga tashrif, shuningdek, shundan keyingi Livanga parvoz va u yerda 2 dekabrgacha bo‘lish — may oyida saylanganidan beri Lev XIVning Rim-katolik cherkovi rahbari sifatidagi birinchi xorijiy tashrifidir.

Vatikan Falastinni davlat sifatida rasman yana 2015 yilda tan olgan. Bu Rim papasi Fransisk taxtni egallaganidan ikki yil o‘tgach yuz bergan. Vatikan matbuot xizmatida ta’kidlanishicha, amalda davlat Falastinni yana 2013 yilda, u BMTda kuzatuvchi-mamlakat maqomini olganidayoq tan olgan edi.

O‘shanda Isroil TIV Vatikanning qarorini Yaqin Sharqdagi tinch siyosiy yechim jarayoniga hissa qo‘shmaydi, deya ma’lum qilgandi.

Noyabr o‘rtalarida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu oxirgi oylarda yana bir bor Falastin davlatini tuzish yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan yechim ekanini aytdi. Bunga qadar ham u sentabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasida so‘zlar ekan shunday qarorga qarshi chiqqan edi. O‘shanda u Falastinni tan olgani haqida e’lon qilgan Fransiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanada hukumatlari qarorini "sharmandali" deb atagan.

"Vaziyat chindan ham juda og‘irlashganda, siz taslim bo‘lasiz. <...> Sizning sharmandali qaroringiz butun dunyo bo‘ylab yahudiylar va begunoh insonlarga qarshi terrorizmni rag‘batlantiradi. Bu barchangiz uchun dog‘ bo‘ladi. <...> 7 oktyabrdan so‘ng Quddusdan bir milya uzoqlikda falastinliklarga davlat berib qo‘yish — bu 11 sentabrdan keyin Nyu-Yorkdan bir milya uzoqlikda 'Al-Qoida'ga davlat berib qo‘yish bilan barobar", — degan edi Netanyahu.

Mavzuga oid