Jahon | 19:07
1156
3 daqiqa o‘qiladi

FATH G‘azo sektorida 20 yil ichida ilk bor o‘tkazilgan mahalliy saylovda g‘alaba qozondi

Saylov faqat sektorning markaziy qismidagi Dayr al-Baloh shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Mahmud Abbosning FATH harakati tarafdorlari ishonchli g‘alabaga erishdi.

Foto: Abdel Kareem Hana/AP

G‘azo sektorining markaziy qismidagi Dayr al-Baloh shahrida bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovda Mahmud Abbosning FATH harakati tarafdorlari ishonchli g‘alabaga erishdi. Bu 2006 yildan beri G‘azodagi birinchi saylovdir.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, FATH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Nahdat Deir el-Balah» ro‘yxati mahalliy kengashdagi 15 o‘rindan 6 tasini qo‘lga kiritdi. Qolgan o‘rinlarni mustaqil nomzodlar egalladi. HAMAS rasman o‘z nomzodlarini ko‘rsatmadi va saylovlarni boykot qildi.

Past davomat va murakkab sharoitlar

G‘azoda davomat juda past – atigi 23 foizga yaqinni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, G‘arbiy Sohilda u 56 foizni tashkil etgan edi. Tashkilotchilar buni urushdan keyingi vayronagarchiliklar, ko‘plab ko‘chirilganlar va eskirgan saylov ro‘yxatlari bilan bog‘lamoqda.

Saylov FATH boshchiligidagi Falastin milliy ma’muriyati (FMM) nazorati ostida bo‘lib o‘tdi. Ularda ishtirok etish FMM platformasini tan olishni, jumladan, Isroilni tan olishni va qurolli kurashdan voz kechishni talab qilardi - bu shart HAMAS harakatini saylovdan avtomatik ravishda chiqarib tashladi.

Boykotga qaramay, HAMAS saylov uchastkalarida xavfsizlikni ta’minladi va saylovni «ijobiy qadam» deb atadi. Shu bilan birga, harakat butun Falastin davlati bo‘ylab to‘laqonli prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.

Ramziy qadam

FATH harakatining Dayr al-Balohdagi g‘alabasi G‘azoda FMM ishtirokini tiklash bo‘yicha sinov loyihasi sifatida ko‘rilmoqda. Bu urushdan keyingi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha xalqaro rejalarning bir qismi, jumladan, FMM sektor nazorati ostiga qaytarish ehtimoli.

Biroq, G‘azoning katta qismida haqiqiy hokimiyat hamon HAMAS qo‘lida qolmoqda. Ko‘plab kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, FATH harakatining mahalliy darajada muvaffaqiyatga erishishi hudud ustidan nazoratning o‘zgarishini anglatmaydi.

Xo‘sh, keyinchi?

Keyingi mahalliy saylov boshqa shaharlarda ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Falastinda 18 yildan ortiq vaqt davomida to‘liq umummilliy saylovlar o‘tkazilmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid