Sport | 11:32 / 02.12.2025
8027
2 daqiqa o‘qiladi

Islombek Ismoilov «Neftchi» bosh murabbiyligiga tayinlandi

Uning oldiga amaldagi chempionlikni himoya qilish vazifasi qo‘yilgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi sobiq bosh murabbiyi Islombek Ismoilov ham Superliga klubida ish boshladi. Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati «Neftchi» klubi ushbu yosh mutaxassis bilan shartnoma tuzilgani haqida e’lon qildi.

«Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Islombek Ismoilov yosh bo‘lishiga qaramay, milliy futbolimizda sezilarli natijalarga erishib, murabbiylik sohasida eng istiqbolli kadrlardan biri sifatida tanilgan. U boshqargan U-17 terma jamoasi zamonaviy o‘yin uslubi, intizom va xarakter bilan mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi», – deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

«Neftchi» klubi oldiga «chempionlikni saqlab qolish va mustahkamlash, Osiyo Chempionlar Ligasi elit bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etish, jamoaning raqobatbardosh va uzluksiz rivojini ta’minlash» vazifalari qo‘yilgani qayd etilgan.

«Neftchi»ni 2022 yildan buyon Vitaliy Levchenko boshqarib kelayotgandi. Yakunlangan mavsumda u jamoa bilan uzoq kutilgan chempionlikka erishdi va mavsumning eng yaxshi murabbiyiga aylandi.

Bundan oldinroq Namanganning «Navbahor» klubi O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadzeni, Andijonning «Andijon» klubi esa asosiy jamoaning yana bir sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanni bosh murabbiylikka tayinlagandi.

Mavzuga oid