Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa diplomatiyasi sobiq rahbari Federika Mogerini qo‘lga olindi
U bo‘lajak diplomatlarni o‘qitish dasturi uchun ajratilgan pullar bilan bog‘liq firibgarlik ishida figurantga aylangan.
Foto: Sebastian Christoph Gollnow / dpa / Scanpix / LETA
Yevropa diplomatiyasi sobiq rahbari (Yevroittifoq tashqi ishlar vaziri) Federika Mogerini Belgiyada firibgarlik ishi bo‘yicha qo‘lga olindi, deb xabar bergan mahalliy Le Soir va LʼEcho nashrlari o‘z manbalariga tayanib. U hozirda so‘roqqacha hibsda qolmoqda.
Mazkur ish 2021–2022 yillarda Yevropa Ittifoqi mablag‘laridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq. Euractiv’ning yozishicha, tergov Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) va Yevropa kolleji (kollej bo‘lajak yevropalik diplomatlar va amaldorlar uchun o‘quv dasturlarini taklif qiladi) ushbu masalada gumonlanganidan so‘ng boshlangan. Mogerini 2020 yil sentabr oyidan beri mazkur kollejda rektor bo‘lib ishlaydi.
Yevropa prokuraturasidagilar diplomatlar uchun to‘qqiz oylik o‘quv dasturi bo‘yicha tenderda firibgarlik bo‘yicha «jiddiy gumonlar» borligini ma’lum qilgan. Tender EEAS tomonidan o‘tkazilgan, unda esa Yevropa kolleji g‘olib chiqqandi. Tergovchilar tender doirasida «Yevropa kolleji yoki uning vakillari tanlov mezonlari haqida oldindan xabardor qilinganmi yoki yo‘qligi»ni aniqlashga harakat qilmoqda. Prokuratura ish doirasida «korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvi va kasb sirini buzish» ham surishtirilayotganini qayd etgan.
Surishtiruvning asosiy predmeti – Yevropa kolleji Bryuggeda o‘qiyotgan bo‘lajak diplomatlar yashaydigan binoni 3,2 million yevroga sotib olishi bilan bog‘liq holatlar, deb xabar berdi Euractiv manbalari. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, kollej binoni 2022 yilda moliyaviy qiyinchiliklar davrida xarid qilgan. Bu EEAS dastur talabalari turar joy bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan tenderni e’lon qilishidan biroz oldin sodir bo‘ladi. Kollej tenderda g‘olib bo‘lgach, unga 654 ming yevro miqdorida mablag‘ ajratiladi.
Tergov doirasida Belgiya hukumati tintuvlar seriyasini o‘tkazdi. Euractiv ma’lumotlariga ko‘ra, 2 dekabr kuni ertalab Bryusseldagi Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) ofisiga, Yevropa kollejiga, shuningdek, bir nechta xususiy uylarga politsiyachilar kelgan. Operatsiya boshlanishidan oldin Yevropa prokuraturasi iltimosiga ko‘ra sud bir necha gumonlanuvchini daxlsizlik immunitetidan mahrum etgan. Ularning ism-shariflari va lavozimlari keltirilmagan.
Ish bo‘yicha jami uch nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi, deb xabar berdi Belgiya prokuraturasi. Ularning ismlari rasman e’lon qilinmagan. Belgiya nashlari ma’lumotlariga ko‘ra, Mogerinidan tashqari, Yevropa tashqi aloqalar xizmatining sobiq bosh kotibi, italiyalik diplomat Stefano Sannino ham hibsga olingan. Hozirda u Yevropa komissiyasining Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Fors ko‘rfazi bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i hisoblanadi, shuningdek, Yevropa kolleji rahbariyatida ishlaydi. Uchinchi gumonlanuvchi kim ekani noma’lum.
Mogerini 2014–2019 yillarda Jan-Klod Yunker Yevrokomissiya raisi bo‘lgan davrda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili lavozimida ishlagan. Undan oldinroq Matteo Rensi hukumatida Italiya tashqi ishlar vaziri (2014 yil fevral – oktyabr) va Italiya parlamentining quyi palatasi deputati (2008–2014) bo‘lgan.
Mavzuga oid
14:30 / 25.11.2025
Avtomobilni sotishda yurgan masofasini yashirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
08:20 / 24.11.2025
Hakamlik sudi sudyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
18:25 / 21.11.2025
Qochoq “kuyov” va aldangan “kelin” ishi: Shahzod Rismatov 9 yilga qamaldi
20:03 / 20.11.2025