Jahon | 10:00 / 04.12.2025
1373
4 daqiqa o‘qiladi

Fon der Lyayyen: Ukraina ehtiyojlarining uchdan ikki qismini YeI qoplamoqchi

Yevrokomissiya keyingi ikki yil - 2026 va 2027 yillarda Ukrainaga 90 milliard yevro ajratishni taklif qilmoqda. Bu mablag‘ni yoki YeI qarzi hisobidan, yoki Rossiya aktivlari hisobiga beriladigan «reparatsion kredit» orqali moliyalashtirish taklif etilgan.

Foto: Yves Herman / Reuters

Bryusselda Rossiya agressiyasi sharoitida Ukrainaga 2026 va 2027 yillarda ko‘mak berish va uning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga imkon beruvchi takliflar taqdim etildi. Yevrokomissiya YeIga a’zo davlatlarga ikki xil huquqiy yo‘lni taklif qilmoqda: Yevroittifoq qarzi yoki reparatsion kredit. Bu haqda chorshanba kuni, 3 dekabrda, Bryusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida YeI Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) baholariga mos ravishda, 2026–2027 yillarda Ukrainaga «davlatning faoliyatini ta’minlash, shuningdek frontdagi mardonavor qarshilikni davom ettirish» uchun 137 milliard yevro kerak bo‘ladi.

«Ukraina ishonch bilan ayta olishi mumkinki, Yevropa uning eng kuchli va ishonarli hamkori bo‘lib qoladi», — dedi Yevrokomissiya rahbari.

XVJning moliyaviy prognozlaridan kelib chiqib, Yevrokomissiya «keyingi ikki yilda Ukrainaning moliyaviy ehtiyojlarining uchdan ikki qismini, ya’ni 90 milliard yevroni» qoplashni taklif qilmoqda, qolgan qismini esa «xalqaro hamkorlar taqdim etishi lozim».

Fon der Lyayyen tushuntirishicha, Yevrokomissiyaning birinchi taklifi mohiyatan «YeI budjeti kafolati asosida kapital bozorlaridan mablag‘ jalb qilib, uni Ukrainaga qarz sifatida berish»dan iborat. Bunday qarorni YeIga a’zo davlatlar bir ovozdan ma’qullashi kerak.

Ikkinchi taklif — YeIda muzlatilgan Rossiya Markaziy banki aktivlari hisobidan reparatsion kredit berish. Bu variantga Belgiya qat’iy ravishda qarshi chiqmoqda: uning yurisdiksiyasida Rossiyaning taxminan 185 milliard yevro miqdorida muzlatilgan aktivlari saqlanayotgan Euroclear depozitariysi joylashgan.

Fon der Lyayyen ta’kidlashicha, ikkinchi variantga ko‘ra, Yevrokomissiya «bunday mablag‘larni yig‘ib turgan barcha moliya muassasalarini (faqat Euroclear emas — taxr.) reparatsion kredit doirasida bu depozitlardan foydalanish jarayoniga jalb etishni» taklif qilmoqda.

«Ya’ni, biz hisoblardagi pul qoldiqlarini olamiz, ularni Ukrainaga kredit sifatida beramiz va Ukraina bu kreditni faqat Rossiya reparatsiyalarni to‘lasa, o‘shanda qaytarishi kerak bo‘ladi», — deb tushuntirdi Yevrokomissiya rahbari. Bu yechimni YeI davlatlari ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilishi mumkin.

Matbuot anjumanida qatnashgan YeI iqtisodiyot bo‘yicha komissiya a’zosi Valdis Dombrovskis Yevrokomissiya takliflari «huquqiy jihatdan asoslangan, Yevropa va xalqaro huquqqa to‘la mos keladi, suveren immuniteti tamoyiliga hurmat bilan yondashadi», deya ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya ishonchli muhofaza va kafolatlar tizimini ham ishlab chiqqan. «Hamjihatlik ruhida biz a’zo davlatlarni kreditni qo‘llab-quvvatlash uchun kafolatlar taqdim etishga chaqiryapmiz. Bu kafolatlar YeI qarz majburiyatlarini to‘liq himoya qiladi va a’zo davlatlar o‘rtasida yukni adolatli taqsimlashni ta’minlaydi», — dedi Dombrovskis.

Kutilishicha, Yevrokomissiya takliflari 18–19 dekabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida muhokama qilinadi. Shu vaqtgacha ular YeI Kengashi va Yevropa parlamenti darajasida ko‘rib chiqiladi. Agar taklif etilgan yo‘llardan biri qabul qilinsa, mablag‘ ajratish bo‘yicha qonunchilik jarayoni 2026 yil boshida yakunlanishi mumkin.

Mavzuga oid