Turizm | 09:50 / 04.12.2025
631
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Goa bilan turizm sohasida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘ymoqda

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi va Goa shtati o‘rtasida turizm yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik faollashmoqda. Tomonlar qo‘shma turistik marshrutlar, kadrlar tayyorlash, targ‘ibot tadbirlari va korporativ sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldi.

Foto: “Dunyo” AA

“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, mamlakatning Dehlidagi elchisi Sardor Rustamboyev O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida mehmondo‘stlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish doirasida Goa shtati turizm vaziri Rohan Khaunte bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, jumladan, turizm sohasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar turizm tarmog‘ini hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston–Hindiston munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda, turizm esa o‘zaro aloqalarning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylangan.

Hindistonlik sayyohlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada oshmoqda: 2023 yilda mamlakatimizga qariyb 50 ming hind fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 80 mingdan oshgan, joriy yil yakuniga qadar esa hindistonlik turistlar soni 100 ming nafarga yetishi kutilmoqda.

Oshib borayotgan talabni qondirish maqsadida aviaqatnovlar soni va geografiyasi kengaytirilmoqda. Bugungi kunda Uzbekistan Airways va Centrum Air, Hindistonning yetakchi aviatashuvchisi IndiGo tomonidan haftasiga 20 ga yaqin reys amalga oshirilmoqda. Ushbu parvozlar Toshkent, Dehli, Mumbay va Goa shaharlarini bog‘lab turibdi. Yaqin vaqt ichida Dehli – Namangan yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov ochish rejalashtirilgani ham qayd etildi.

Rohan Khaunte Goa shtati O‘zbekiston hududlari bilan turizm sohasida hamkorlik qilish uchun katta istiqbollar ko‘rayotganini ta’kidladi. U o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro turistik yarmarkasida Goa delegatsiyasining samarali ishtirokini eslatib, yarmarka yakunlariga ko‘ra erishilgan amaliy kelishuvlar bugungi kunda hayotga faol tatbiq etilayotganini qayd etdi.

Uchrashuvda qator muhim yo‘nalishlarda qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib olindi. Jumladan:

  • hind sayyohlariga Goa plyajlaridagi dam olishni O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga safarlar bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradigan qo‘shma turistik marshrutlar ishlab chiqish;
  • turoperatorlar, jurnalistlar va blogerlar uchun o‘zaro tanishuv turlari tashkil etish;
  • turistik obektlarni boshqarish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish;
  • turizm sohasi uchun birgalikda mutaxassislar tayyorlash;
  • tarix, gastronomiya va milliy an’analarga qiziquvchi sayyohlar uchun O‘zbekiston va Hindistonning boy madaniy merosini keng targ‘ib qilish;
  • ikki mamlakatning korporativ mijozlarini O‘zbekiston va Goada uchrashuvlar, konferensiyalar, ko‘rgazmalar va biznes tadbirlar o‘tkazishga jalb etish kabi masalalar muhokama etildi.

Tomonlar O‘zbekiston va Hindiston, ayniqsa Goa shtati o‘rtasidagi turistik almashinuvni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam salohiyat mavjudligini qayd etdi. Birgalikdagi amaliy choralar sayohat geografiyasini kengaytirish, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mavzuga oid