Jamiyat | 14:15 / 04.12.2025
7967
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Gulistondagi gaz portlashida jabrlanganlar holidan xabar oldi

Shavkat Mirziyoyev 4 dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Gulistondagi kafeda gazballoni portlashi oqibatida jabrlanganlar davolanayotgan shifoxonada bo‘ldi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir, birining ahvoli o‘ta og‘ir.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyat filialiga bordi.

Bu yerda ikki kun oldin Guliston shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gazballoni portlashi oqibatida jarohat olganlar davolanmoqda.

Markaz rahbariyati va shifokorlar prezidentga bemorlarning ahvoli va davolash jarayonlarining borishi haqida axborot berdi. Davlat rahbari baxtsiz voqeada turli darajada tan jarohati olgan fuqarolar davolanayotgan palatalarga kirib, ulardan xabar oldi, oila a’zolari bilan suhbatlashdi.

Prezident mutasaddilarga jabrlanganlarga zarur barcha tibbiy yordam ko‘rsatilishini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berdi. Baxtsiz hodisa oqibatida qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, ularga moddiy yordam ko‘rsatish zarurligini qayd etdi.

Mas’ullar oldiga sodir bo‘lgan voqeaning sabablarini puxta o‘rganish, qonun ustuvorligini ta’minlash, kelgusida bunday holatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligi ustidan nazorat ishlarini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

2 dekabr kuni sodir bo‘lgan portlash oqibatida 29 kishi kuyish va turli darajadagi tan jarohatlari olgandi, ulardan uch nafari shifoxonada vafot etdi. Ayni vaqtda bir bemor o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda (u sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan), yana besh nafari jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Jarohatlanganlar orasida ikki homilador ayol ham bor. Holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan.

Mavzuga oid