Jahon | 16:16 / 04.12.2025
2053
3 daqiqa o‘qiladi

Xabarovsk sobiq gubernatori Furgalga sud yana 23 yil berdi

Xabarovsk o‘lkasi sobiq gubernatori Sergey Furgalga jazo avvalgi hukmni ham hisobga olgan holda tayinlandi. Jami hisobda u koloniyada 25 yil o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Sergei Karpukhin/TASS

Moskvadagi Babushkin sudi Xabarovsk o‘lkasining sobiq rahbari Sergey Furgalni MSP-bankdan 2 milliard rubl o‘g‘irlash ishi bo‘yicha 23 yil koloniyaga hukm qildi, deb xabar berdi chorshanba kuni, 3 dekabrda, RIA «Novosti» agentligi. Avval chiqarilgan hukmni inobatga olgan holda sud unga qat’iy rejimdagi koloniyada 25 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini belgiladi.

Sud, shuningdek, Furgalga ozodlikka chiqqanidan keyin ikki yarim yil davomida davlat hokimiyati organlarida lavozim egallashni taqiqladi. Ikkinchi jinoyat ishi bo‘yicha yana to‘qqiz nafar ayblanuvchi bor, ularning ko‘pchiligi tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq gubernator bilan bog‘liq deb hisoblangan «Toreks» guruhi korxonalari xodimlaridir.

Ayblov versiyasiga ko‘ra, ish figurantlari MSP-bank mablag‘larini o‘g‘irlagan. Ularga jinoiy hamjamiyat tuzish, kreditlash sohasidagi firibgarlik, pul yuvish va noqonuniy tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etish ayblari qo‘yilgan.

Sergey Furgal 2018 yilda LDPR nomzodi sifatida saylovda g‘alaba qozonib, «Yedinnaya Rossiya» vakilini ortda qoldirgan holda Xabarovsk o‘lkasi gubernatori bo‘lgan. 2020 yilda u hibsga olingan va o‘z lavozimidan ozod etilgan.

2023 yil fevralida Moskva sudi uni 2000-yillar boshida tadbirkorlarga qarshi ikki qotillik va bir suiqasdni tashkil etganlikda aybdor deb topib, qat’iy rejimdagi koloniyada 22 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilgan edi.

Furgalning hibsga olinishi Xabarovsk o‘lkasida uzoq davom etgan ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.

2024 yil fevralida Xabarovsk o‘lkasi sudi «Ya/MY Sergey Furgal» («Men/Biz Sergey Furgal») harakatini ekstremistik tashkilot deb topdi.

Prokuraturaning ta’kidlashicha, harakat ishtirokchilari «sobiq gubernatorni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash g‘oyalari niqobi ostida» ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullangan.

Mavzuga oid