Jahon | 13:48
1712
3 daqiqa o‘qiladi

Gomeldagi idish-tovoq zavodi RF uchun harbiy dronlar yetkazib beryapti

Belarusning idish-tovoq ishlab chiqaruvchi zavodi, surishtiruvchilar ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiyaga Xitoy dronlari va qurilmalarini yetkazib beryapti. «Zavod Santeks» orqali RFga, jumladan, g‘arbda ishlab chiqarilgan butlovchi qismlar ham sotiladi.

Foto: AP

Gomelda joylashgan idish-tovoq ishlab chiqaruvchi «Zavod Santeks» Rossiya armiyasi uchun harbiy uchuvchisiz uchish apparatlari butlovchi qismlarini yirik hajmda yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda payshanba kuni, 4 dekabrda, «Kiberpartizandar» nomli anonim xaktivistlar hamjamiyati bilan hamkorlikda surishtiruv o‘tkazgan Belarus surishtiruv markazi xabar berdi.

O‘tkazilgan surishtiruv natijasida aniqlanishicha, korxona Xitoy dronlarini, shuningdek hujjatlarda xususiyati ochib berilmagan tovarlarni Rossiyaning «Rustakt» kompaniyasiga yetkazib bergan. «Zavod Santeks» bu kompaniyadan 14 milliard rubldan ortiq (hisob-kitobga ko‘ra — 152 million AQSh dollaridan ko‘p) mablag‘ olgan. Ukraina GUR ma’lumotlariga ko‘ra, «Rustakt» Rossiya uchun FPV-dronlarning muhim ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lib, ular Ukrainadagi urushda faol qo‘llanmoqda.

Belarus surishtiruv markazi ta’kidlashicha, ushbu kompaniyaning 95 foiz ulushiga Minskda tug‘ilgan, 2000-yillarda Rossiyaga ko‘chib o‘tgan Pavel Nikitin egalik qiladi. U, shuningdek, taxminan 20 ga yaqin kompaniyaning egasi yoki mulkdori hisoblanadi, ularning ayrimlari Rossiya Mudofaa vazirligi, Rossiya IIV va «Rosgvardiya» uchun ishlaydi. Surishtiruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, aynan shu Nikitin Belarusdagi «Zavod Santeks»ning ham egalari qatorida qayd etilgan, 2018 yili esa zavodning yana bir mulkdori Pavel Nikitinning egizagi — Yegor bo‘lgan.

Belarus surishtiruv markazi yozishicha, 2022–2023 yillarda Gomeldagi ushbu fabrika sanksiyalarni chetlab o‘tishga ko‘maklashgan holda Xitoyning DJI kompaniyasi ishlab chiqargan 309 dona dronni Rossiyaga 2 million dollarlik summaga sotgan. Belarus surishtiruvchilari hisob-kitobiga ko‘ra, 2022 yildan 2025 yilgacha Belarusning 14 kompaniyasi Rossiyaga 34 million dollarlik 20 mingdan ortiq dron sotgan.

Belarus surishtiruv markazi ma’lumotiga ko‘ra, «Zavod Santeks» orqali Nikitin Moskvaga nisbatan sanksiyalar joriy etilgandan keyin ham Chexiya, Italiya, Polsha va AQShdan kelgan g‘arb butlovchi qismlarini Rossiyaga yetkazib kelgan.

«Rustakt» 2024 yil dekabridan beri Yevropa Ittifoqi va Shveytsariya sanksiyalari ostida. Kompaniya ishlab chiqarayotgan VT-40 dronlari (shuningdek «Sudoplatov» nomi bilan ham tanilgan) «Rubikon» maxfiy Rossiya uchish apparatlar texnologiyalari markazining asosini tashkil qiladi. Shu markazga Rossiya qo‘shinlarining Kursk viloyatidagi qarshi hujumdagi, shuningdek Kursk viloyati va Pokrovsk uchun bo‘lgan janglardagi «muvaffaqiyatlari» aloqadorligi aytilmoqda.

Mavzuga oid