Jahon | 16:01 / 05.12.2025
1337
3 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiya Kongressi jangchilar yollash faoliyatini taqiqladi

Kolumbiya mudofaa vaziri Sanchesning aytishicha, Ukrainada ham Ukraina tomonida, ham Rossiya tomonida jang qilayotganlar orasida kolumbiyaliklar bor. Bogotada esa yollanma jangchilik «odamlarni ekspluatatsiya qilishning zamonaviy shakli» deb baholanmoqda va bu Kolumbiya armiyasining salohiyati yo‘qotilishiga olib kelmoqda, deb hisoblayapti.

Foto: Getty images

Kolumbiya Kongressi 1989 yilgi jangchilar yollashga qarshi Xalqaro konvensiyaga qo‘shilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Chorshanba kuni, 3 dekabrda, quyi palatada hujjatni 90 dan ortiq deputat qo‘llab-quvvatladi. Avvalroq qonun loyihasi yuqori palata — Senat tomonidan ham ma’qullangan edi. Endi u yollanma jangchilikni taqiqlash tashabbusi bilan chiqqan prezident Gustavo Petro imzosi uchun yuboriladi.

Kolumbiya Tashqi ishlar vazirligi bildirishicha, yangi qonun «yollanma jangchilik faoliyati bilan bog‘liq shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish imkonini beradi» va «davlatlar o‘rtasida sud-huquq sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi». Kongress qo‘llab-quvvatlagani Kolumbiya yollanma jangchilik faoliyatini mutlaqo qabul qilmasligini tasdiqlaydi, deb qo‘shimcha qildi idora.

Qonun kuchga kirganidan keyin Kolumbiya hududida yollanma jangchilarni o‘qitish, moliyalashtirish va yollash bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. Bogota bunday faoliyatni «odamlarni ekspluatatsiya qilishning zamonaviy shakli» deb atadi.

AFP yozishicha, Kolumbiyadan chiqqan yollanma jangchilar Afg‘oniston, Yaman va Iroqdagi qurolli mojarolarda qatnashgan, hozir esa ularning Ukraina va Sudandagi urushlarda qatnashayotgani haqida ma’lumotlar bor. Agentlikka ko‘ra, Kolumbiyada harbiylar nisbatan yoshligida iste’foga chiqadi va juda kam pensiya oladi — oyiga taxminan 350 dollar atrofida.

Die Welt ma’lumotlariga binoan, Ukraina tomonida taxminan 2 ming kolumbiyalik jang qilmoqda. Qurolli harakatlarda ishtirok etayotgan xorijlik harbiylar oyiga taxminan 3 ming yevro atrofida maosh oladi — bu Kolumbiyadagi harbiy xizmatchi maoshidan ancha yuqori. Shu bilan birga, shartnomani istalgan vaqtda bekor qilish mumkin.

Bogota hokimiyati chet elda jang qilayotgan sobiq kolumbiyalik harbiylar soni ortib borayotganini tan oldi. AFP yozishicha, ko‘pgina yollanma jangchilarni firibgarlik yo‘li bilan yollashadi va ularning vatanga qaytishiga to‘sqinlik qilish holatlari ham bor.

Kolumbiya mudofaa vaziri Pedro Arnulfo Sanchesning tushuntirishicha, harbiy xizmatchilar orasidan jangchilar yollash armiyaning kadrlar salohiyatini yo‘qotishiga olib keladi. «Biz ularni bu yerda o‘qitamiz, o‘n yil davomida katta salohiyatga ega bo‘lishadi. Lekin keyin boshqa joyda jang qilish imkoni paydo bo‘lsa, ular ketib qoladi va biz mamlakat sifatida kolumbiyaliklarni himoya qilish borasida juda ko‘p narsadan mahrum bo‘lamiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi El Colombiano nashri.

Uning aytishicha, xavf shundaki, kolumbiyalik fuqarolar oxir-oqibat chet eldagi qurolli mojarolarda bir-biriga qarshi jang qilishi mumkin. Xususan, vazir Ukrainada kolumbiyaliklar ham Ukraina tomonida, ham Rossiya tomonida jang qilayotgani haqida ma’lumot berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid