Jahon | 09:21
824
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor

Buyuk Britaniya hukumati mamlakatda muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan 9 milliard yevroni Ukrainaga berishga tayyor, deb yozadi The Times. Shu yo‘l bilan mamlakat Ukraina uchun reparatsion kreditni moliyalashtirishga o‘z hissasini qo‘shishni rejalashtirmoqda.

Foto: picture-alliance/NurPhoto/N. Economou

Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaga tegishli muzlatilgan aktivlarning bir qismini — sakkiz milliard funt yoki 9,1 milliard yevroni Ukrainaga o‘tkazishga tayyor. Bu haqda 4 dekabr, payshanba kuni The Times nashri hukumatdagi manbasiga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Britaniya Yevroittifoq (YeI) va boshqa davlatlar (masalan, Kanada) bilan Ukraina uchun taxminan 114,5 milliard yevro hajmida reparatsion kredit ajratish to‘g‘risida kelishuvni muvofiqlashtirishga urinayotgani aytilmoqda. Kutilishicha, bu mablag‘lar 2026–2027 yillarda Ukraina moliyaviy ehtiyojlarining uchdan ikki qismidan ortig‘ini qoplashga yetadi. Agar urush davom etsa, pul qurol-yarog‘ga sarflanadi, Rossiya bilan tinchlik kelishuvi tuzilgan taqdirda esa mamlakatni tiklashga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, gazeta suhbatdoshining qayd etishicha, Buyuk Britaniyada muzlatilgan Rossiya aktivlarining bir qismini yechish va ularni Ukrainaga o‘tkazish mexanizmi hali ishlab chiqilmagan. Britaniya ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda jami 28,6 milliard yevro miqdorida RF aktivlari bloklangan.

The Times maqolasi Britaniyadagi tergov komissiyasi hisoboti e’lon qilingan kun chiqdi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2018 yili Angliyaning Solsberi shahrida sobiq ikki tomonlama agent Sergey Skripalni «Novichok» asab falajlovchi moddasi bilan zaharlash to‘g‘risida shaxsan buyruq bergan. Shu bois u tasodifiy qurbon — 44 yoshli britaniyalik ayol Don Sterjyess o‘limi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi, degan xulosaga kelingan.

Tekshiruv natijalari munosabati bilan Britaniya hukumati GRUga va, jumladan, ushbu maxsus xizmatning taxminiy xodimlari deb hisoblangan 11 nafar jismoniy shaxsga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etganini e’lon qildi. Mamlakat bosh vaziri Kir Starmer esa ushbu zaharlash holatlarini «Rossiya tajovuzkorligi haqidagi eslatma» deb atadi. «Buyuk Britaniya har doim shafqatsiz rejimga qarshi chiqadi va o‘lim mashinasini fosh etib boradi», — dedi u.

4 dekabr kuni Germaniya federal kansleri Fridrix Mersning 5 dekabrga mo‘ljallangan Norvegiyaga safari kechiktirilgani ma’lum qilindi — u shu kuni Belgiya bosh vaziri Bart de Vever bilan uchrashishni rejalashtirgan. Uchrashuv kechki ovqat formatida o‘tadi, unda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ham ishtirok etadi.

AFP agentligi Germaniya hukumatidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Mersning shoshilinch safarining asosiy mavzusi Yevrokomissiya taklif etgan Ukrainaga reparatsion kredit ajratish uchun muzlatilgan Rossiya aktivlari bir qismidan foydalanish imkoniyati bo‘ladi.

Rossiyaning bloklangan mablag‘lari katta qismi (taxminan 189 milliard yevro) saqlanayotgan Belgiya Yevrokomissiya rejasini rad etgan, Yevropa Markaziy banki ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamagan. Shu bilan birga, Germaniya va YeIning ko‘pchilik davlatlari bu g‘oyani ma’qullagan. YeI rahbariyati Ukraina uchun reparatsion kredit bo‘yicha kelishuvga yil oxirigacha erishishga umid bildirmoqda.

Mavzuga oid