Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Ukraina: tinchlikka erishish to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga bog‘liq
Ikki kunlik muzokaralardan so‘ng tomonlar navbatdagi raundni Mayamida o‘tkazadi, deb ma’lum qildi Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov. Urushning yakunlanishi esa Rossiyaga bog‘liq, deb ta’kidladi AQSh maxsus vakili Stiven Uitkoff.
Foto: REUTERS
AQSh va Ukraina delegatsiyalari so‘nggi ikki kun ichida ikkinchi, so‘nggi ikki haftada esa oltinchi marta uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov juma, 5 dekabr kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda AQSh delegatsiyasining yaqinda Rossiya Federatsiyasiga qilgan tashrifi yakunlari, shuningdek Rossiya urushini yakunlashga olib kelishi mumkin bo‘lgan qadamlar muhokama qilindi. Qator axborot agentliklari ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvda urushdan keyin mamlakatni tiklash tashabbuslari va qo‘shma iqtisodiy loyihalar ham ko‘rib chiqilgan. Umerovning aniqlashtirishicha, 6 dekabr kuni tomonlar muzokaralarni davom ettirish uchun yana yig‘iladi.
Umerov o‘tgan uchrashuvlar tafsilotlarini keltirmagan, biroq "Ukraina uchun ustuvor yo‘nalish — Ukrainaning mustaqilligi va davlat suverenitetini himoya qilishni kafolatlaydigan, ukrainaliklarning xavfsizligini ta’minlaydigan va muvaffaqiyatli demokratik kelajak uchun barqaror asos yaratadigan tarzda tuziladigan kelishuv" ekanini tasdiqladi. Muzokaralarda Ukraina tarafidan, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general Andrey Gnatov ham ishtirok etmoqda. AQSh tomonidan esa muzokaralarda Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff va Oq uy rahbarining kuyovi Jared Kushner qatnashmoqda.
Mayamidan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyev va Vashington ehtimoliy tinchlik kelishuviga erishishdagi progress to‘g‘ridan to‘g‘ri Moskvaga bog‘liq, degan xulosaga kelgan. "Ikkala tomon ham kelishuvga erishish yo‘lidagi real siljish Rossiyaning uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash ustida jiddiy ishlashga tayyorligiga bog‘liq, bu esa deeskalatsiya choralari ko‘rish va halokatli harakatlarni to‘xtatishni o‘z ichiga oladi", — deyiladi Uitkoff tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida va AQSh Davlat departamenti saytida e’lon qilingan qo‘shma bayonotda.
Mayamidagi muzokaralar Uitkoff va Kushnerning 2 dekabr kuni Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan deyarli besh soatlik uchrashuvidan keyin o‘tkazildi. U uchrashuvdan so‘ng Rossiya tomoni "tinchlik rejasining murosali varianti" yo‘qligi haqida bayonot bergan edi.
Axios nashri manbalaridan biriga ko‘ra, amerikaliklar ukrain delegatsiyasini Putin bilan uchrashuvning borishi va tomonlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashishi kerak bo‘lgan yangi g‘oyalar haqida batafsil xabardor qilgan. Nashr ta’kidlashicha, Ukraina va Rossiyaning ochiq (ommaga ma’lum) pozitsiyalarini oldingi o‘ringa qo‘yilsa, ular bir-biridan mutlaqo farq qiladi va murosa masalasi qiyin ko‘rinadi, shuningdek AQSh rasmiylari hali-hamon eng murakkab — hududiy masala bo‘yicha ham murosa topish mumkin, deb hisoblashda davom etmoqda.
AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar asosini AQSh tomoni ishlab chiqqan va taxminan uch hafta avval taqdim etilgan Ukraina bo‘yicha reja tashkil etadi. Dastlabki loyiha Moskva manfaatlariga nisbatan "juda ham yumshoq" deb baholangan va Ukraina hamda uning Yevropa tarafidan ittifoqchilari talabiga binoan asosiy nuqtalarda qayta ishlangan. Dastlabki rejaga muvofiq, Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechishi, o‘z qurolli kuchlarini qisqartirishi va Rossiyaga butun Donbassni, shu jumladan hali okkupatsiya qilinmagan hududlarni ham berishi kerak edi. Qayta ishlangan "tinchlik rejasi" varianti haqida hozircha juda kam ma’lumot bor.
Mavzuga oid
09:21
Kushner – tinchlik bo‘yicha muzokarachi: Ukrainani nima kutmoqda?
08:46
Trampga FIFAning yangi tinchlik mukofoti topshirildi
02:36
Dronlar Chechenistondagi «Grozniy-Siti» kompleksiga hujum qildi
22:02 / 05.12.2025