Jamiyat | 18:31 / 07.12.2025
5268
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya bayrami arafasida 615 kishini afv etdi

Prezident Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilmishiga pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 615 nafar shaxsni afv etdi. Ulardan 9 nafari xorijlik, 29 nafari ayol, 264 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan (jumladan, ikki nafar bola) va to‘qqiz nafari taqiqlangan tashkilotlarga a’zo bo‘lgan shaxslardir.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 615 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 220 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 123 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 97 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 175 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 9 nafarini chet el fuqarolari, 29 nafarini ayol, 23 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 264 nafarini yoshlar (shulardan, 2 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 9 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

«Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi», – deyiladi farmonga sharhda.

Mavzuga oid