O‘zbekiston | 12:09 / 09.12.2025
11242
6 daqiqa o‘qiladi

Humans ilovasiga ulangan kartalardan ommaviy ravishda pul yechib olinyapti

Humans mobil ilovasiga ulangan kartalardan ommaviy ravishda tasdiq SMS-kodisiz pul yechib olinyapti. Tranzaksiya «PL HUMANS P2P» nomi ostida amalga oshirilgan. «Humans kecha tunda 3 marta jami 12 mln so‘mdan ortiq pulimni yechgan. Kompaniya operatoriga telefon qilsam, ishlamayapti. Hech qanday SMS-kod kelmadi, apk faylni ochmadim», deydi Kun.uz bilan bog‘langan jabrlanuvchilardan biri. Markaziy bank tezkor tekshiruv ishlari boshlanib, barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik to‘liq o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Humans bilan bog‘liq vaziyat yanada jiddiylashyapti. Kun.uzʼga murojaat qilgan jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, mobil kompaniya ilovasiga ulangan plastik kartalardan ommaviy ravishda tasdiq SMS-kodisiz pul yechib olinyapti. Tranzaksiya «PL HUMANS P2P» nomi ostida amalga oshirilgan.

«Humans kompaniyasi mening kartamdan ham kechasi soat 01:19 va 02:28 da 2 mln so‘m pul yechib olgan. Operatorga telefon qilsam, pulingizni qaytaramiz, lekin qachonligi aniqmas deyapti», deya yozadi Tursunbek ismli murojaatchi.

Yana bir jabrlanuvchi bir muddat oldin Humans ilovasiga ulangan kartasidan 5 mln so‘m yechib olinganini aytyapti.

«Humans bo‘yicha muammo bo‘lyapti. Kartamdan 5 mln so‘mdan ortiq pul yechilgan. Operatsiya hech qanday tasdiqlash kodlarisiz amalga oshirilgan», deydi murojaatchi.

«Humans kecha tunda 3 marta jami 12 mln so‘mdan ortiq pulimni yechgan. Kompaniya operatoriga telefon qilsam, ishlamayapti. Hech qanday 4 talik kod, apk faylni ochmadim», deydi Mohinur ismli jabrlanuvchi. 

Ayni paytda Humans ilovasining o‘zida o‘tkazmalar tarixi ko‘rinmayapti, boshqa ilovalar orqaligina kartadan yechib olingan pullar tarixini ko‘rish mumkin.

100 mlnga yaqin pulidan ayrilgan jabrlanuvchining Humans operatori bilan suhbat audiosida kompaniya call-markazi «hozir bu bo‘yicha texnik ishlar olib borilyapti, ariza olib qolyapmiz. Chatga skrinshot tashlab qo‘ying. Elektron pochta va pasport seriyasi ham kerak bo‘ladi. Shuningdek, kartangiz ulangan telefon nomer, kartangizning boshidagi oltita raqam va oxiridagi 4 ta raqamni ham yozing. Ariza 7 kunda ko‘rib chiqiladi», deya javob bergan.

Ijtimoiy tarmoqlarda audiosi tarqalgan boshqa bir suhbatda call-markaz xodimi jabrlanuvchiga puli qaytarib berilishini ta’kadlagan, ammo bu borada aniq muddat ayta olmasligini bildirgan.

«Menga ham aniq muddat noma’lum. Lekin ish yopilish jarayonida, kutib tursangiz qaytarib beriladi, albatta. Tegishli bo‘limga yana bir bor eslatib qo‘ydim. Sizga aloqaga chiqishadi. Ja 10 kun bo‘lib ketib qolsa, yana aloqaga chiqishingiz mumkin. Pulingiz karta raqamingizga tushirib beriladi», degan operator. 

Ammo, Kompaniya call-markazi izohi va kompaniya vakilining tushuntirishi bir biriga mos kelmayapti. Masalan Podrobno.uz muxbiriga Humans servisining texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatidan ma’lum qilinishicha, firibgarlik sxemasi aniqlangan, begona shaxslar foydalanuvchilarning hisoblariga kirib, ularning roziligisiz moliyaviy operatsiyalar amalga oshirgan.

Markaziy bank izohi

Markaziy bank holatni tasdiqlab, puli yechib olingan fuqarolarga huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni tavsiya qildi. 9 dekabr holatiga ko‘ra Humans mobil ilovasi orqali «Octagram» AJ (Paylov – savdo belgisi) tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

«Humans companies AJ va «Octagram» AJ tashkilotlari o‘rtasida 2025 yil 10 aprelda 32-sonli shartnoma imzolangan bo‘lib, unga muvofiq, Humans agent sifatida o‘z mijozlariga to‘lov xizmatlarini (to‘lov va P2P pul o‘tkazmalari) yetkazib berishni boshlagan.

2025 yil 8 dekabr kuni, soat 08:30 atrofida Markaziy bankka fuqarolar tomonidan Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar kelib tushdi. Ushbu holat yuzasidan Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida «Octagram» AJ (Paylov – savdo belgisi) bilan bog‘lanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash va ehtimoliy zaifliklarni bartaraf etish maqsadida P2P amaliyotlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Ma’lum qilamizki, 9 dekabr holatiga ko‘ra, Humans mobil ilovasi orqali «Octagram» AJ (Paylov – savdo belgisi) tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Hurmatli fuqarolar, Uzcard va Humo kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lov va o‘tkazmalar odatiy tartibda ishlamoqda. Kartalardan boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ilovalarida foydalanish imkoniyati ham saqlanib qolgan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik to‘liq o‘rganilmoqda.

Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy axborot taqdim etiladi.

Yuqoridagi holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda murojaat qilishingiz mumkin», deyiladi MB izohida.

Doston Axrorov
Kun.uz

Mavzuga oid