Jahon | 09:53
4334
3 daqiqa o‘qiladi

Politico: AQSh Ukraina Rossiyaga butun Donbassni berishini xohlamoqda

Amerikaliklar Ukraina Rossiyaga Donbassning butun hududini berishi kerak, deb hisoblamoqda, deya xabar berdi Politico onlayn-nashriga ismini oshkor etmaslikni so‘ragan yuqori martabali yevropalik amaldor. Zelenskiy esa hududiy imtiyozlar berilishi mumkin emasligini aytmoqda.

Foto: Zuma / TASS

Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari bitta masala tufayli to‘xtab qolgan: Kiyevni Donbass hududini to‘liq tarzda Kremlga berishiga qanday majburlash mumkin? Politico dushanba, 8 dekabr kuni yuqori lavozimli, ammo ismi oshkor etilmagan yevropalik amaldorga tayanib shunday yozdi.

«Hudud masalasida amerikaliklarning pozitsiyasi oddiy: Rossiya Ukrainani hududlardan voz kechishga majbur qilishni talab etmoqda — amerikaliklar esa bunga qanday erishish mumkinligini o‘ylamoqda, — deya keltiradi nashr suhbatdoshining so‘zlarini. — Amerikaliklar Ukraina Donbassni tashlab ketishi kerak, deb turibdi… qay tarzda bo‘lmasin».

O‘z navbatida Kiyev har qanday tinchlik kelishuvi joriy front chizig‘i bo‘yicha harbiy harakatlarni muzlatib qo‘yishni o‘z ichiga olishi kerakligini ta’kidlayotgani eslatiladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jurnalistlar bilan muloqoti chog‘ida 8 dekabr kuni «Ukraina Rossiya foydasiga o‘z hududlaridan voz kechish uchun na huquqiy, na ma’naviy huquqqa ega emas», dedi. Rossiya esa, «shubhasiz, ukrainlar hududlarni berib qo‘yishini talab qilmoqda», deya Ukraina rahbarining so‘zlarini o‘z saytida keltiradi «Ukrinform» agentligi.

Shu bilan birga, AQSh «ikki tomonni ham qoniqtiradigan murosali yechim izlash ustida ish olib bormoqda», deya qayd etdi Zelenskiy.

Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunga kelib RF Ukraina hududining 19,2 foizini nazorat qilmoqda, shu jumladan Qrim, Luxansk viloyatining to‘liq hududi, Donetsk viloyatining 80 foizidan ko‘prog‘i, Xerson va Zaporijjya viloyatlarining taxminan 75 foizi, shuningdek Xarkiv, Sumi, Mikolayiv va Dnipropetrovsk viloyatlarining ayrim qismlari.

AQSh prezidenti Donald Tramp 7 dekabr kuni Vashingtondagi Kennedi markazi mukofotini topshirish marosimi doirasida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Volodimir Zelenskiy shu vaqtgacha «AQShning so‘nggi tinchlik taklifini hali o‘qib chiqmaganidan biroz ranjiganini» aytdi. Shu bilan birga, Amerika rahbari bu taklifga Rossiya rozi, deb hisoblashini ma’lum qildi, garchi Moskva «butun mamlakatni qo‘lga kiritishni afzal ko‘rar edi».

Politico bilan suhbatda muzokaralarda shakllangan vaziyatni izohlar ekan, yuqori martabali yevropalik amaldor hozir «muximi — AQSh o‘zini qanday tutadi: vositachi sifatidami yoki Rossiya tomonini olgan taraf sifatidami», deya ta’kidladi. Shu bilan birga, u Kiyev hanuzgacha Vashington unga qanday xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor ekanini aniqlashni kutayotganini eslatib o‘tdi.

Mavzuga oid