Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy: AQSh tinchlik rejasi 28 banddan 20 bandgacha qisqartirildi
Tinchlik rejasidan «ochiqdan ochiq Ukraina manfaatiga zid bandlar» chiqarib tashlandi, biroq hududlar masalasida hozircha murosaga erishilmadi, deb bayonot berdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
Foto: Isabel Infantes / Reuters
AQSh tomoni taklif qilgan, 28 banddan iborat tinchlik rejasi Ukraina tomoni bilan o‘tkazilgan maslahatlardan so‘ng qayta ko‘rib chiqilib, 20 bandgacha qisqartirildi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy dushanba, 8 dekabr kechqurun jurnalistlarga ma’lum qildi. Matbuot anjumani Zelenskiy Londondan Bryusselga uchayotgan samolyot bortida bo‘lib o‘tdi.
«28 ta band bor edi, endi 20 ta bo‘ldi. Bu yo‘nalishni o‘zgartirdik va mutlaqo ochiq-oydin Ukrainaga qarshi bo‘lgan bandlar chetlatildi. Amerikaliklarning kayfiyati, umuman olganda, murosani topish tarafdori. Albatta, hududlarga taalluqli murakkab masalalar bor. U yerda hozircha murosaga kelingani yo‘q», — deb keltiradi «Interfaks-Ukraina» agentligi Zelenskiyning WhatsApp’da jurnalistlar savollariga bergan javoblarini.
Jurnalistlar bilan suhbatda Zelenskiy Ukraina o‘z hududlaridan ni konstitutsiyaga, ni xalqaro huquqqa ko‘ra voz kechishga haqli emasligini ta’kidladi. «Albatta, Rossiya bizni hududlarni berib qo‘yishga majbur qilishni talab etmoqda. Biz esa mutlaqo hech narsa bermoqchi emasmiz — shu uchun kurashyapmiz», — deb keltiradi Ukraina prezidenti so‘zlarini «Suspilne» nashri.
Nashr yozishicha, Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari masalasiga ham to‘xtaldi. «Eng kuchli xavfsizlik kafolatlarini biz AQShdan olishimiz mumkin. Albatta, agar bu Budapesht memorandumi bo‘lmasa, bo‘sh va’dalar emas, balki AQSh Kongressida ovozga qo‘yiladigan hujjat bo‘lsa», — dedi u.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni tinchlik rejasi ustidagi ishni 9 dekabr kechqurun yakunlaydi, shundan so‘ng uni AQShga taqdim qiladi. «Maslahatchilar (Ukraina MXMK kotibi Rustem — taxr.) Umerov olib kelgan rejaning so‘nggi varianti ustida ishlaydi. Yevropaliklarning maslahatchilari ham Ukraina bilan birga ish olib boradi. O‘ylaymanki, ertaga reja tayyor bo‘ladi, yana bir bor ko‘rib chiqamiz va AQShga yuborishga tayyorlaymiz», — deb Zelenskiy so‘zlarini keltiradi «RBK-Ukraina».
4–6 dekabr kunlari Ukraina delegatsiyasi tarkibida Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov hamda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general Andrey Gnatov ishtirokida Mayamida AQSh vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Amerika tomondan muzokaralarda prezident Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff va Oq uy rahbarining kuyovi Jared Kushner ishtirok etdi. Muzokaralarning uchinchi kuni ularga Zelenskiyning o‘zi ham qo‘shilgan, uning so‘zlariga ko‘ra, u «uzoq va mazmunli telefon suhbati» o‘tkazgan.
Mavzuga oid
14:01
Yevropa yetakchilari Zelenskiy bilan urushni tugatish rejasini muhokama qildi
13:41
Ukraina bosh shtabi: Okkupatsiya qilingan hududlarda «Pansir» yo‘q qilindi
09:53
Politico: AQSh Ukraina Rossiyaga butun Donbassni berishini xohlamoqda
09:16