Jahon | 07:30
824
5 daqiqa o‘qiladi

BMT prognozi: dunyo aholisi o‘sishi Afrika va Shimoliy Amerikaga siljiydi

Joriy asr oxiriga borib, sayyora demografik manzarasi bugungidan keskin farq qiladi.

Foto: Nadejda Buallag / Kommersant’

BMTning Aholishunoslik bo‘limi prognoziga ko‘ra, aholi o‘sishi asosan Afrika va Osiyoning ayrim hududlarida jamlanadi, Yevropa, Amerika va Okeaniyada esa o‘sish sekinlashadi yoki uzoq muddatli qisqarish kuzatiladi.

Bu o‘zgarishlar yaqin o‘n yilliklarda iqtisodiyotni, migratsiya oqimlarini va geosiyosiy kuchlar muvozanatini tamoman o‘zgartirib yuborishi kutilmoqda.

So‘nggi baholarga ko‘ra, 2100 yilga borib Afrika aholisi 3,8 milliard kishiga yetadi — bu hozirgi ko‘rsatkichdan uch baravardan ko‘proq. Hozir dunyo aholisining qariyb 60 foizi yashaydigan Osiyo aholisi esa taxminan 4,6 milliardgacha qisqaradi.

Shu orada Yevropa aholisi prognozlarga ko‘ra 592 million kishigacha tushib ketadi, Lotin Amerikasida esa aholi 380 milliongacha kamayadi — bu aholining qarishi va tug‘ilish darajasining barqaror pastligi bilan izohlanadi. Shimoliy Amerika aholisi asosan migratsiya hisobiga salmoqli bo‘lmagan tarzda 710 milliongacha o‘sadi, Okeaniyada esa aholi 73 millionga yetadi.

World Visualized

Bu raqamlar ko‘plab davlatlar allaqachon jiddiy demografik muammolarga duch kelayotgan bir davrda e’lon qilinmoqda. 2025 yilda Yaponiya va Italiya kabi mamlakatlar ishchi kuchining qisqarishi va boqimandalik koeffitsiyentining ortishiga moslashishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa hukumatlarni mehnat siyosati, immigratsiya qoidalari va ijtimoiy ta’minot tizimlarini qayta ko‘rib chiqishga undamoqda.

BMT bir necha bor demografik nomutanosiblik iqtisodiy o‘sish, energiya iste’moli va hatto iqlim strategiyalariga ta’sir ko‘rsatadigan asosiy global muammoga aylanayotgani haqida ogohlantirgan.

Afrikada kutilgan demografik «portlash» qit’aning yosh aholi tarkibi va sog‘liq ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi bilan izohlanadi. Hozir Afrikada o‘rtacha yosh taxminan 19 yoshni tashkil etadi, Yevropada esa bu 42 yosh atrofida.

Agar bu o‘sish oqilona boshqarilsa, XX asr oxirida Xitoyning jadal rivojlanishiga turtki bo‘lgan demografik «shiddat»ga o‘xshash holda, kuchli iqtisodiy drayverga aylanishi mumkin. Biroq BMT ogohlantiradi: ta’lim, infratuzilma va ish o‘rinlari yaratishga jiddiy investitsiyalarsiz bu qadar tez o‘sish ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirishi va davlat xizmatlarini keskin zo‘riqtirishi mumkin.

Osiyo aholisining kutilgan qisqarishi esa mutlaqo boshqa muammoni aks ettiradi. Xitoyda aholi qisqarishi allaqachon boshlangan, Hindiston esa taxminlarga ko‘ra, asr o‘rtalariga borib barqarorlashib, shundan so‘ng pasayish fazasiga o‘tadi.

Tug‘ilish darajasining pasayishi — ko‘pchilik Osiyo mamlakatlari uchun umumiy tendensiya — kelajakdagi iqtisodiy samaradorlik bo‘yicha xavotir uyg‘otmoqda. Qator Osiyo davlatlari hukumatlari tug‘ilishni oshirish uchun moliyaviy imtiyozlar taklif qilmoqda, biroq hozircha bu choralarning natijalari kamtarona, sezilarli emas.

Shu bilan birga, Yevropa va Lotin Amerikasining bir qismi dunyodagi eng tez demografik qisqarishga duch kelishi mumkin. Bu mintaqalarda allaqachon maktablar yopilishi, ishchi kuchining yetishmasligi va iqtisodiyotni ushlab turish uchun migratsiyaga bog‘liqlik ortib borayotgani kuzatilmoqda.

Shimoliy Amerika esa, asosan migratsiya hisobiga, nisbatan demografik barqarorligi bilan ajralib turadi. Xususan, AQSh ishchi kuchini kengaytirish uchun migrantlar oqimiga tayanishda davom etmoqda — chegara nazorati haqidagi siyosiy bahslarga qaramasdan. AQShning amaldagi iqtisodiy qonunchiligi va saylovoldi munozaralari migratsiya mamlakat aholisi uzoq muddatli o‘sishining hal qiluvchi omillaridan biri bo‘lib qolishini ko‘rsatmoqda.

Okeaniya aholi soni jihatidan hali ham kichik bo‘lib qoladi, ammo o‘sishni davom ettiradi va shu bilan birga iqlim o‘zgarishiga bog‘liq o‘ziga xos muammolarga duch keladi. Dengiz sathining ko‘tarilishi Tinch okeanidagi bir qator orol davlatlarga tahdid solmoqda, bu esa asr oxirigacha bo‘lgan davrdan ancha oldin ko‘chirish va migratsiya koridorlarini yaratish haqidagi bahslarni keltirib chiqargan.

Mavzuga oid