Jahon | 08:35
2556
4 daqiqa o‘qiladi

Putin «do‘st bo‘lmagan» davlatlardan qo‘ng‘iroqlar taqiqlanishini e’lon qildi

Rossiya hukumati «do‘st bo‘lmagan» deb hisoblangan davlatlardan telefon qo‘ng‘iroqlarini bloklash tizimini joriy etish bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda, shuningdek, telefon firibgarligiga qarshi kurash bo‘yicha ko‘rilayotgan boshqa choralar haqida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Foto: Alexander Kazakov/Kremlin/ZUMA Press/IMAGO

Putin videokonferensiya shaklida chiqish qilar ekan, kengashda avvalroq taklif etilgan «telefon va internet firibgarligiga qarshi kurash doirasidagi aniq choralar» qatoriga «jinoiy maqsadlarda amalga oshirilayotgan, “do‘st bo‘lmagan” davlatlar hududidan yo‘llanayotgan qo‘ng‘iroqlarni bloklash», shuningdek qo‘ng‘iroqlarni maxsus belgilash haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu takliflarning barchasi «hukumat tomonidan inobatga olingan va joriy etilmoqda».

Uning so‘zlariga ko‘ra, «fuqarolarni raqamli muhitda himoya qilish» bo‘yicha birinchi choralar paketi allaqachon qabul qilingan, ikkinchi paket ishlab chiqilgan va hozir muhokama hamda kelishish bosqichida, yaqin rejalarda esa uchinchi paket ham ko‘zda tutilgan.

Shu kuni Rossiya hukumati apparati rahbari — bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Grigorenko ham jurnalistlarga hukumat tayyorlayotgan «fuqarolarni firibgarlardan himoya qilish» bo‘yicha ikkinchi choralar paketi haqida so‘zlar ekan, xuddi shu qadamlarni tilga oldi, deb yozadi TASS.

Grigorenkoning aytishicha, taxminan 20 ta tashabbusdan iborat yangi paket doirasida abonent roziligisiz xalqaro kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni taqiqlash va ularni majburiy tarzda belgilash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, bolalar uchun alohida SIM-kartalar joriy etish taklif qilinmoqda — ular orqali ota-onalar «qo‘shimcha arizalar yozmasdan turib, bolalarni noxush kontentdan himoya qilish» imkoniyatiga ega bo‘lishi aytilmoqda.

So‘nggi oylarda, davlat messenjeri Max’ni ilgari surish fonida, Rossiya hokimiyat organlari messenjerlar va boshqa onlayn-servislar, shuningdek telefon aloqasi faoliyatiga doir qoidalarni izchil ravishda qat’iylashtirib kelmoqda. Jumladan, avgust oyida Rossiyada WhatsApp va Telegram orqali qo‘ng‘iroqlar cheklangan edi.

Shundan so‘ng Davlat Dumasida firibgarlar «guyoki statsionar aloqaga o‘tib olgani» aytildi va ularga qarshi kurash bahonasida statsionar telefonlarda xalqaro aloqani bloklash g‘oyasini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Dekabr boshlarida esa Roskomnadzor Apple’ning videoqo‘ng‘iroq xizmati FaceTime’ni bloklagani ma’lum bo‘ldi — bu xizmat «jinoiy maqsadlarda qo‘llanmoqda», degan asos keltirildi. Noyabr oyida Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi ma’lum qilishicha, chet eldan qaytib kelgan fuqarolarning mobil interneti va SMS yuborish xizmati bir sutkagacha vaqtga bloklanadi.

Rossiya hokimiyati nuqtai nazaridan «do‘st bo‘lmagan» deb e’lon qilingan davlatlar va hududlar ro‘yxatining so‘nggi tahririda 47 ta nom mavjud. Ular qatoriga YeI mamlakatlari, AQSh, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Norvegiya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ukraina va Chernogoriya kiradi.

Mavzuga oid