O‘zbekiston | 11:22 / 11.12.2025
1465
2 daqiqa o‘qiladi

“Kelajak” markazlarida o‘qish uchun ota-onalar to‘lovi miqdori belgilandi

2026 yildan boshlab “Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali BHMga nisbatan belgilangan miqdorlarda undiriladi. To‘lovlar 1 yanvar va 1 sentabrdan bosqichma-bosqich oshiriladi, kambag‘al oilalar, yetim bolalar va alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan farzandlar esa muayyan tartibda ushbu to‘lovdan ozod etiladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»

Hukumat qarori (776-son, 2025 yil 10 dekabr) bilan “Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali to‘lovini undirish va undan foydalanish tartibi belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, to‘lovlar bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ga nisbatan quyidagi miqdorlarda undiriladi:

2026 yil 1 yanvardan:

  • Toshkent shahrida – BHMning 30 foizi;
  • viloyatlar markazlarida – 25 foiz;
  • respublika qolgan tuman (shahar)lari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus va Xorazm viloyati Urganch shaharlarida – 15 foiz;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining qolgan tuman (shahar)larida – 10 foiz.

2026 yil 1 sentabrdan:

  • Toshkent shahrida – BHMning 60 foizi;
  • viloyatlar markazlarida – 50 foiz;
  • respublika qolgan tuman (shahar)lari, shu jumladan Nukus va Urganch shaharlarida – 30 foiz;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatining qolgan tuman (shahar)larida – 20 foiz.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, joriy oy uchun to‘lov ushbu oyning 10-sanasidan kechikmasdan amalga oshiriladi. Faqat sentabr oyi uchun to‘lov 30-sanagacha to‘lanishi mumkin.

To‘lovdan ozod etiladigan toifalar:

  • “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning farzandlari (ta’lim oluvchilar umumiy sonining 15 foizi doirasida);
  • alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internat o‘quvchilari;
  • yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining inklyuziv sinflarida ta’lim olayotgan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar.

Ota-onalar to‘lovidan tushgan mablag‘lar “Kelajak” markazlari infratuzilmasini yaxshilash, o‘quv dasturlarini rivojlantirish va bolalar ta’limi uchun qulay sharoitlarni yanada kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid