Jahon | 11:40 / 12.12.2025
998
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Kengashi Ukrainaga yana 2,3 mlrd yevro ajratadi

Ukraina Ukraine Facility dasturi doirasida 2,3 mlrd yevro miqdoridagi oltinchi transhni olish uchun talab qilingan shartlarni bajardi, deb xabar berdi YeI Kengashi. Mablag‘lar, jumladan, mamlakatning makromoliyaviy barqarorligini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqining Ukraine Facility yordam mexanizmi doirasida Ukraina yaqin vaqtlarda taxminan 2,3 mlrd yevro miqdoridagi oltinchi transhni oladi, deb xabar berdi Yevropa Ittifoqi Kengashi payshanba, 11 dekabr kuni. Qonun chiqaruvchi organ saytidagi bayonotda ta’kidlanishicha, «ushbu summa Ukraina tomonidan oltinchi transhni olish uchun zarur bo‘lgan sakkiz qadamni muvaffaqiyatli ado etgani, shuningdek, to‘rtinchi transhdan qolib ketgan bitta bajarilmagan qadamni ham tugallaganini aks ettiradi».

Qayd etilishicha, mablag‘lar, avvalo, «Ukrainaning makromoliyaviy barqarorligini mustahkamlash va uning davlat boshqaruvi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash» uchun mo‘ljallangan. Umumiy hisobda, Ukraina hozirgi paytga qadar Ukraine Facility dasturi doirasida talab qilingan 68 shartning 63 tasini bajargan.

Avvalgi, 1,8 mlrd yevrodan ortiq miqdordagi transh joriy yil noyabr oyi boshida Kiyevga o‘tkazilgan edi. YeI Kengashi keyingi transhning tez orada berilishini Ukraina tomonining «Yevroittifoqqa qo‘shilish maqsadlariga mos keladigan islohotlar o‘tkazishga sadoqati» bilan izohladi.

Bundan oldin Kiyevga to‘lovlar 2025 yil avgust oyida (3,2 mlrd yevro) va aprel oyida (3,5 mlrd yevro), shuningdek 2024 yil dekabrida (4,1 mlrd yevro) va avgust oyida (4,2 mlrd yevro) ma’qullangan edi.

2024 yil mart oyida ishga tushirilgan Ukraine Facility yordam mexanizmi 2027 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, shu muddat davomida YeI Ukrainaga «barqaror va oldindan taxmin qilinadigan moliyaviy yordam» sifatida 50 mlrd yevrogacha mablag‘ ajratishi mumkin, deb yozadi Yevrokomissiya sayti.

Olti transhdan tashqari, YeI Ukrainaga 6 mlrd yevro miqdorida oraliq moliyalashtirish va 1,89 mlrd yevro miqdorida avans moliyalashtirish ham bergan.

Bryusselda ta’kidlanishicha, Ukraine Facility doirasidagi to‘lovlar mamlakatning aniq tiklanish va islohotlar rejasini amalga oshirishi, shuningdek demokratik mexanizmlar, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘langan. To‘lovlar Yevrokomissiya shartlar bajarilganini tekshirgandan so‘ng har chorakda amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid