Jahon | 21:14 / 15.12.2025
2496
3 daqiqa o‘qiladi

BMT ilk bor Butunjahon turkiy tillar kunini nishonladi

Tashabbusga Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston mualliflik qildi. Uni 21 mamlakat qo‘llab-quvvatladi.

Foto: UN Photo

Xalqaro hamjamiyat 15 dekabrda ilk bor Butunjahon turkiy tillar kunini nishonladi. Bu qaror noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan YuNeSKO Bosh konferensiyasida qabul qilingan edi. Tashabbusga Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston mualliflik qildi. Uni 21 mamlakat qo‘llab-quvvatladi.

Tashkilot buni insoniyatning umumiy merosini boyitadigan til xilma-xilligini tan olish yo‘lidagi muhim qadam deb hisoblaydi.

«Sana tanlashda chuqur ma’no bor. 1893 yil 15 dekabrda daniyalik tilshunos Vilhelm Tomsen bizga ma’lum bo‘lgan eng qadimgi yozma manbalardan biri - O‘rxun yozuvlari alifbosi muvaffaqiyatli o‘qilganini e’lon qildi. Yozuvlar qadimgi turklar tomonidan eramizning VIII asrida hozirgi Mo‘g‘uliston hududidagi O‘rxun vodiysida yaratilgan bo‘lib, 1889 yilda topilgan. Tomsenning yutug‘i bugungi kunda butun Yevroosiyo bo‘ylab o‘nlab jamoalarni bog‘lab turgan til an’anasi haqida bebaho tasavvur berdi», deyiladi BMT xabarida.

YuNeSKO tashkilotiga ko‘ra, turkiy tillar oilasiga mansub ozarboyjon, qozoq, qirg‘iz, turk, turkman va o‘zbek tillari qariyb 12 million kvadrat kilometr maydondagi 200 milliondan ortiq aholi uchun ona tili hisoblanadi. Turkiy tillardagi boy hujjatli meros va yorqin og‘zaki an’analar 10 dan ortiq davlatlarni birlashtiradi.

15 dekabrni Butunjahon turkiy tillar kuni deb e’lon qilish orqali YuNeSKO til hamkorligi, madaniy yaqinlashuv va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotning muhimligini ta’kidlaydi.

Tashabbus tilshunoslik tadqiqotlari, ta’lim va madaniy almashinuv sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Bu kun turkiy tillarni asrab-avaylashga qaratilgan keng ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar va global muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

2025 yildan boshlab Butunjahon turkiy tillar kunida turli madaniy va ilmiy tadbirlar, jumladan, til merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, ma’ruzalar va ommaviy munozaralar, adabiy va she’riy kechalar o‘tkaziladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid