Jamiyat | 18:10
17079
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yashovchi shaxs uyini ta’mirlash chog‘ida granata va boshqa qurollarni topib oldi

U Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilib, uyini ta’mirlash vaqtida yerto‘ladan qurol va o‘q-dorilar topgani va ularni topshirish niyatida ekanini bildirgan.

Toshkentda 38 yoshli fuqaro uyini ta’mirlash chog‘ida qurol, o‘q-dorilar va portlovchi moddalar topib oldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2 dekabr kuni u Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilib, uyini ta’mirlash vaqtida yerto‘ladan qurol va o‘q-dorilar topgani va ularni topshirish niyatida ekanini bildirgan.

Xodimlar fuqaroning yashash xonadoni yerto‘lasida RGD-5 qo‘l granatasi, TOZ-8 miltig‘i, IJ-27E to‘pponchasi, portlatish qurilmasi, besh dona qo‘l granat zapali, elektrodetonator hamda uning portlovchi shnuri va 546 dona turli xildagi jangovar o‘q-dorilar hamda 1100 dona pnevmatik qurol o‘qlari, shuningdek, o‘tkir tig‘li jismlar borligini aniqladi.

Ta’kidlanishicha, tezkor surishtiruv davomida mazkur qurol, o‘q-dorilar va portlovchi moddalar uning marhum otasiga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan. U oldin Mudofaa vazirligida faoliyat yuritib, nafaqaga chiqqan.

Eslatib o‘tilishicha, shu kabi vositalarni noqonuniy saqlash, olib yurish yoki ixtiyoriy topshirmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, shaxs Jinoyat kodeksining 248-moddasiga asosan, ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Mavzuga oid