O‘zbekiston | 19:16 / 15.12.2025
2500
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xalqaro suv haftaligi o‘tkaziladi

Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda ta’kidlanishicha, forum xalqaro institutlar va mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va «yashil» texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 15 dekabr kuni suv xo‘jaligida energiya samaradorligini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ishlari yuzasidan axborot berildi.

Avvalo, eskirgan va energiya sarfi yuqori nasos agregatlarini zamonaviy, energiya tejamkorlariga almashtirish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.

Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 274 ta nasos stansiyasi mavjud bo‘lib, ular orqali 185 ming gektardan ortiq yer maydonlari sug‘orilmoqda. Stansiyalardagi nasos agregatlarining yarmidan ko‘pi 1979 yildan buyon ishlab chiqarilgan uskunalardan iborat, ularning energiya sarfi zamonaviy nasoslarga nisbatan 2-3 barobar yuqori. Ta’kidlanishicha, Kegeyli tumanidagi eski agregatlardan biri zamonaviy energiya tejamkoriga almashtirilganda, elektr energiyasining sarfi ikki barobarga kamaygan.

Ushbu ijobiy tajribadan kelib chiqib, Qoraqalpog‘istondagi 276 ta nasosni bosqichma-bosqich zamonaviy energiya tejamkor agregatlarga almashtirish rejalashtirilgan. Natijada yillik 25 milliard so‘mga teng elektr energiyasi iqtisod qilinishi va loyiha sarf-xarajatlari 14 oy ichida o‘zini oqlashi ta’kidlandi. Bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, Toshkent irrigatsiya universitetida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Kelgusida iqlim o‘zgarishini tahlil qilish uchun raqamli texnologiyalarga asoslangan milliy platforma yaratish, universitet hududida kosmik kuzatuv stansiyalari barpo etish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini qabul qilish infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, universitetning «Suv diplomatiyasi» magistratura yo‘nalishiga xalqaro maqom berish ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari Toshkent irrigatsiya universitetini dunyoning TOP-300 talik universitetlari qatoriga kiritish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirdi.

Taqdimotda xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Kelgusi yil mart oyida Toshkent xalqaro suv haftaligini o‘tkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Forum xalqaro institutlar va mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish va kelgusi yilda Orolbo‘yi hududida suv tejash texnologiyalariga bag‘ishlangan xalqaro forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid