Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers: Rossiya aktivlaridan foydalanishdan bosh tortish YeIga zarar yetkazadi
Rossiyaning muzlatib qo‘yilgan aktivlaridan foydalanish Moskvaga Ukrainaga qarshi urushni davom ettirishning ma’nosi yo‘qligini ko‘rsatishi kerak, dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers.
Germaniya kansleri Fridrix Mers Yevropa Ittifoqini Ukrainaga yordam berish uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish masalasini hal etishga qat’iy chaqirdi. Mers 15 dekabr, dushanba kuni Berlinda o‘tgan Germaniya–Ukraina iqtisodiy forumida so‘zlagan nutqida: YeI a’zolari bunday qaror bilan bog‘liq xatarlarni o‘zaro bo‘lishish (taqsimlash) yo‘lini topishi kerak, aks holda ular Yevropa Ittifoqi obro‘-e’tiboriga uzoq muddatli zarar yetkazib qo‘yish xavfiga duch keladi, dedi. “Agar biz bu vazifani uddalay olmasak, Yevropa Ittifoqining harakat qilish qobiliyati ko‘p yillar davomida, balki undan ham uzoqroq muddatga jiddiy zaiflashadi”, — deya ta’kidladi u.
Forumda ishtirok etgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham YeIda muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlari “Rossiya agressiyasidan himoyalanish uchun to‘liq ishlatilishi” kerak, degan fikrni bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “adolatli, oqilona va amalga oshishi mumkin bo‘lishi kerak”.
Yevropa yetakchilari Rossiyaning muzlatilgan aktivlari taqdiri masalasini 18–19 dekabr kunlari Bryusselda bo‘ladigan Yevropa Ittifoqi sammitida hal qilishga urinishi kutilmoqda. Yevropa komissiyasi Ukrainaga Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlarini garov sifatida qo‘ygan holda 140 mlrd yevro miqdorida “reparatsiya krediti” ajratishni taklif qilmoqda. Bunday rejaga ko‘ra, Rossiya bu mablag‘larni faqat Ukrainadagi urush tugaganidan keyin va yetkazilgan zarar uchun reparatsiyalar to‘langanidan so‘nggina qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Belgiya va yana bir necha davlatlar bu g‘oyaga qarshi chiqmoqda.
O‘tgan hafta Germaniya va YeIning boshqa davlatlari Rossiya aktivlarini muddatsiz bloklab qo‘yish bo‘yicha allaqachon kelishib olgan. Buning uchun ular Yevropa Ittifoqi faoliyati to‘g‘risidagi shartnomaning 122-moddasidan foydalanmoqchi. U YeI alohida davlatlarini sanksiyalarni bekor qilish huquqidan mahrum etish imkonini beradi, shuningdek jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga kelgan taqdirda qarorlarni yakdillik bilan emas, balki ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilishni nazarda tutadi.
Fridrix Mers bu qarorni ma’qulladi. “Biz buni urushni cho‘zish uchun emas, aksincha maqsadda qilyapmiz. Biz buni — bu urushni imkoni boricha tezroq yakunlash uchun qilyapmiz”, — dedi kansler. Uning ta’kidlashicha, bunday qadam Moskvaga “bu urushni davom ettirishning ma’nosi yo‘qligi haqida aniq signal” yuboradi va Rossiya Ukrainaga ko‘mak zaiflashishiga umid qilolmasligini ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
18:53 / 10.06.2026
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
22:09 / 08.06.2026