O‘zbekiston | 21:44 / 16.12.2025
3562
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik sohasidagi 1600 dan ortiq ma’muriy talab bekor qilinadi

Ta’kidlanishicha, buning natijasida, tadbirkorlarga ma’muriy organlar bilan munosabatga kirishishda ortiqcha byurokratik to‘siqlar kamayishiga va ularning xarajatlari, vaqti va resursi tejalishiga erishiladi.

Foto: Getty images

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar asosida Hukumat qarori bilan qonunchilikdagi tadbirkorlikka oid 1600 ta majburiy talablar bekor qilindi. Ta’kidlanishicha, bunday katta hajmdagi cheklovlarning bekor qilinishi ilk bor amalga oshirilmoqda.

Xususan, Hukumat qarori bilan veterinariya xizmati nazorati ostidagi 1568 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha mahsulotga muvofiqlik sertifikati olish, shuningdek, turizm xizmatlarini ko‘rsatishda mazkur faoliyatga xos bo‘lmagan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun faoliyat turini amalga oshirishda ayrim ortiqcha cheklovlar bilan bog‘liq jami 1600 dan ortiq majburiy talablar bekor qilinmoqda.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatidagi importni amalga oshirishda tovar qiymatiga qo‘yilgan 5 000 AQSh dollarlik cheklov, turistlarga uy-joyni 30 kungacha ijaraga berish, yog‘ochdan mebel tayyorlashga doir talablar bekor qilingan. Ta’kidlanishicha, buning natijasida, tadbirkorlarga ma’muriy organlar bilan munosabatga kirishishda ortiqcha byurokratik to‘siqlar kamayishiga va ularning xarajatlari, vaqti va resursi tejalishiga erishiladi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestriga 36 mingdan ortiq majburiy talab kiritilgan bo‘lib, Adliya vazirligi tomonidan sohalar kesimida doimiy ravishda tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda sohadagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid