Iqtisodiyot | 18:17 / 18.12.2025
1125
3 daqiqa o‘qiladi

2026 yilda asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar o‘zgarmaydi

Senat tomonidan ma’qullangan qonunda qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Foto: Shutterstock

2026 yilda asosiy soliqlarning stavkalari o‘zgarmaydi. Bu haqda Oliy Majlis Senati yalpi majlisida ma’qullangan “Soliq va budjet siyosatining 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda belgilab qo‘yilgan.

Qayd qilinishicha, 2026 yilgi soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i – 0,95 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz (budjet tashkilotlari 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoladi.

Ta’kidlanganishicha, keyingi yilga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shu jumladan, amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Soliq kodeksida qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Qonun amaliyotga tatbiq etilishi natijasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinishi nazarda tutilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mikrofirma va kichik korxonalarga soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima miqdori pasaytirilib, oxirgi uch oy ichida soliq hisobotlari o‘z vaqtida taqdim etib kelgan soliq to‘lovchilarga keyingi hisobotni 5 ish kungacha kechiktirgan taqdirda ma’muriy jarima qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, bir kalendar oyda bir nechta soliq turlari bo‘yicha hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, barcha hisobotlar uchun faqat bitta jarima qo‘llash mexanizmi joriy etilmoqda.

Ta’kidlanishicha, senatorlar ma’qullagan qonun tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama rag‘batlantirish, teng va adolatli raqobat muhitini ta’minlash, ma’muriy jarimalar yukini yengillashtirish hamda yashirin iqtisodiyotning ulushini qisqartirishga qaratilgan.

Mavzuga oid