Jahon | 14:17 / 18.12.2025
1254
3 daqiqa o‘qiladi

Mers: Ukraina uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlari - tinchlikning “narxi”

Ukrainada tuzilishi mumkin bo‘lgan “ko‘pmillatli kuchlar” missiyasida Bundesver ishtirok etadimi, degan savolga Germaniya kansleri Fridrix Mers javob bermadi.

Foto: Bernd von Jutrczenka/dpa/picture alliance

Ukrainaga qarshi Rossiya tomonidan boshlangan urush tugaganidan so‘ng, Ukraina uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlari tinchlikning “narxi”ga aylanishi kerak. Bu haqda Germaniya Federal Respublikasi kansleri Fridrix Mers 17 dekabr, chorshanba kuni Bundestagdagi “hukumat soati” davomida ma’lum qildi. Ayni paytda u Ukraina va Rossiya o‘rtasida ehtimoliy tinchlik kelishuviga rioya etilishini ta’minlash vazifasi yuklatilishi mumkin bo‘lgan “ko‘pmillatli kuchlar” missiyasida Bundesver harbiy xizmatchilari qatnashadimi-yo‘qmi, buni aniq aytmadi. Bunday missiyani tuzish masalasini Bryusselda 18 dekabr kuni ochiladigan Yevropa Ittifoqi sammitida Yevropa mamlakatlarining siyosiy yetakchilari hal qiladi. “Bu dunyoda shunday savollar borki, siz ehtimol tasavvur qilayotgandirsiz, ularga javob berish unchalik ham oson emas. Bu savol ham shundaylardan biri”, — dedi kansler o‘ng populistik “Germaniya uchun muqobil” partiyasi deputati Markus Fronmayyerga javoban.

Mers ta’kidlashicha, u “ovoz huquqi”ga ega ekan, 2014 yildagi “xatolar” — ular qatorida Minsk kelishuvlari ham bo‘lgan — takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Germaniya hukumati Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, deya yana bir bor ishontirdi Fridrix Mers.

Jang harakatlari yakunlanganidan keyin xavfsizlik kafolatlari masalasi 14 va 15 dekabr kunlari Berlinda Yevropa yetakchilari, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, AQShning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va AQSh prezidentining kuyovi Jared Kushner ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda asosiy masalalardan biriga aylangan.

Hozircha bunday kafolatlar qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligi aniq emas. Muzokaralardan so‘ng Yevropa yetakchilari qo‘shma bayonot e’lon qilib, G‘arb mamlakatlari harbiy xizmatchilaridan iborat “ko‘pmillatli kuchlar”ni tashkil etishga tayyor ekanini bildirgan. Bu kuzatuv missiyasi Ukraina osmoni va dengizni himoya qilishi, shuningdek Ukraina Qurolli kuchlarini tiklashni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Niderlandiya, Daniya yetakchilari, shuningdek Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasining bayonotiga ko‘ra, Yevropa Ukrainaga kelgusida qurolli hujum sodir bo‘lgan taqdirda “tinchlik va xavfsizlikni tiklash bo‘yicha majburiyatlar”ni o‘z zimmasiga olishga tayyor. “Bu choralar qurolli kuchlarni qo‘llashni, razvedka va moddiy-texnik yordamni, iqtisodiy hamda diplomatik harakatlarni o‘z ichiga olishi mumkin”.

Mavzuga oid